Musallasxo‘r murabbiylar. Arsen Venger nega Fergyusonga rad javobini bergan?
Fergyusonning «kashfiyoti»
Angliya premer-ligasida shunday an’ana bor: odatda har bir o‘yindan keyin mezbon murabbiyning xonasida ikki jamoa ustozlari musallasxo‘rlik qilishadi. «Kadr ortida» taxminan 20 daqiqa davom etadigan marosimda murabbiylar o‘yin taassurotlari bilan o‘rtoqlashishadi; taktika, kelajakdagi rejalar muhokama qilinadi yoki umuman hayot haqida suhbat qurishadi.
Musallas ichish marosimi hech qanday reglamentda ko‘rsatilmagan. Shunchaki odat tusiga kirib qolgan, xolos. Ba’zilar buni tan olib, amalga oshirsa, boshqalari turli bahonalar o‘ylab topadi. Masalan, Konte va Gvardiola bu an’anani bajonidil qabul qilishgan. Van Gal esa bundan «mehmondorchilik»ni o‘ziga ep ko‘rmagan va hatto Sem Ellardaysni xafa qilib qo‘ygan.
Roberto Manchini «Manchester Siti»da ish boshlaganida futbolchilarni parhez tutishga majbur qilib, ularning kunlik ratsioniga bir qadah musallas qo‘shadi. O‘sha paytlar u o‘zining musallasi bilan ser Aleksni hayratga solgandi: «Eng shirin musallas? Unaqasi bilan meni Manchini mehmon qilgan – ajoyib Sassicaia (italyan musallasi nomi, tarj.)».
An’ana qayerdan paydo bo‘lgan?
Aleks Fergyuson 1986-yili «Yunayted»ga kelganidan so‘ng raqib jamoa murabbiylarini o‘z xonasiga «bir piyola musallas ustida» suhbatga taklif qilgan. «Men o‘yindan keyingi musallas ichib, suhbatlashish an’anasini boshlab berganman», — degan edi ser Aleks 30 yildan so‘ng «Telegraph»ga bergan intervyusida. Umuman olganda, bunga ajablanmasa ham bo‘ladi. Fergi yoshligidan musallasni xush ko‘rgan, bir paytlar o‘zining xususiy musallasxonasi ham bo‘lgan. «Musallas men uchun futboldan keyingi eng qadrli narsa», — degan edi ser Aleks jurnalistlarga.
Aleks to‘yining bir yilligini nishonlash chog‘ida 15 funtga bir shisha musallas sotib oladi. O‘shanda uning xotini Ketining jahli chiqqan. Ba’zida Keti eriga futboldan tashqari qandaydir xobbi topishni maslahat berardi: «O‘yinga shunchalik berilib ketasanki, bu ketishda o‘zingga jabr qilasan». Fergyuson musallaschilikka 1991-yili — «MYu» Yevropa kubok egalari kubogi chorak final bahsida Monpelega borganida jiddiy qiziqib qolgan. Bugungi kunda uning Janubiy Afrikada uzumzorlari bor.
2014-yili Fergyuson o‘zining shaxsiy kolleksiyasidagi musallaslarning besh mingtasini «kimoshdi» savdosiga qo‘ydi. Uning maqsadi ombor tokchalarini yangi turlar bilan to‘ldirish edi. O‘sha kuni jami 3 million funtlik ichimliklar orasida 1997-yilning «Domaine de la Romanée-Conti» nomli Burgundiya musallasi deyarli 160 ming funtga sotildi. Savdodan tushgan mablag‘ning 250 mingi onkologiya sohasidagi tadqiqotlarga sarflandi.
Joze Mourinio ham xuddi Aleks Fergyuson kabi «o‘tirish»larni yoqtiradi. «Birinchi uchrashuvda u hayajonga to‘la edi. Meni hurmat qilib, «boss» deb chaqirdi», — deb eslaydi ser Aleks. «To‘g‘ri, Joze musallasning farqiga bormasdi. U meni «bo‘yoqni o‘chirishda ishlatiladigan» ichimlikka taklif qildi...».
Aleks Fergyuson bu haqda Roman Abramovichga aytganidan bir hafta o‘tib, Toskaniyaning eng sara musallasi «Tignanello»ning bir qutisini qabul qilib oldi.
Aftidan ser Aleks Jozening musallas borasidagi didiga yillar davomida ta’sir o‘tkazgan. Ular doimiy ravishda o‘yindan keyin qizil musallasdan ichishardi. «Yunayted» bilan shartnoma tuzgach, Joze yangi ishini Aleks bilan birgalikda rossiyalik biznesmen Yevgeniy Chichvarkinning Londondagi mashhur musallas butigi – «Hedonism Wines»da «yuvdi».
Kimdir musallas ichishdan bosh tortganmi?
Fergyuson an’anasini qabul qilmagan murabbiylardan biri — Arsen Venger. Ser Aleks bir paytlar shunday degandi: «Arsen bu an’anani hech qachon qabul qilmaydigan premer-ligadagi yagona murabbiy. U yana bir marta o‘ylab ko‘rsa yaxshi bo‘lardi». Ommaviy axborot vositalari bu haqda fransuz murabbiyidan bir necha bor so‘rashgan bo‘lsa-da, u shunchaki kulib: «Men viski ichmayman», deb qo‘ygan, xolos.
Arsen musallasni yoqtirishini 1998-yil bahoridagi Chempionlar ligasining chorak final bahsida bildirib qo‘ygan. O‘shanda u «MYu» – «Monako» uchrashuvini tomosha qilar ekan, bir oz ko‘proq ichib yubordi va David Trezegening «Yunayted»ni turnirdan chiqarib yuborgan golini telbalarcha nishonladi. Keyingi kun murabbiyning boshi og‘rib, mazasi bo‘lmagach, mashg‘ulotlarni bekor qilgan.
Noxush holatlar ham bo‘lganmi?
Ba’zida bir qadah musallas ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. 2011-yilning mayida «Blekbern» bosh murabbiyi Stiv Kin Fergyuson bilan yaxshigina suhbat qurdi. «Ivud Park»dagi o‘yinda qayd etilgan durang «MYu»ga muddatidan avval chempionlikni olib kelgan bo‘lsa, Kin jamoasini quyi ligaga tushib ketishidan asrab qoldi. «Blekbern» murabbiyi ikki bokal qizil musallasni ichganidan keyin shirakayf holatda «Mersedes»iga o‘tirib, tezlikni 145 km/soatga oshirdi. Politsiya tomonidan to‘xtatilgan Stiv 18 oyga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etilib, 1800 funt jarimaga tortildi.
Faqat Angliyada murabbiylar o‘yindan keyin ichadimi?
Shunaqaga o‘xshaydi. «Yunayted»dagi ishlari o‘xshamagach, «Real Sosedad»ga borgan Devid Moyes ispanlarga musallas ichishni o‘rgatmoqchi bo‘ldi: «Bir necha murabbiylarni o‘yindan keyingi musallasxo‘rlikka taklif qildim. Afsuski, ularning hech biri mening taklifimni qabul qilmadi. Bu yerda murabbiylar bilan aloqa qilish juda qiyin ekan».
Musallaslar makoni Fransiyada ham bunday an’ana yo‘q. 2008-yilda «Yunayted» va shaxsan ser Aleks «Lion»dan Benzemani Angliyaga ko‘chib o‘tishga undadi. Hujumchini har qanday mablag‘ evaziga qo‘yib yubormaslikni maqsad qilgan fransuz klubi prezidenti Jan-Mishel Ola vaziyatdan chiroyli usulda chiqib ketdi: «Biz britan an’analarni hurmat qilganimiz uchun ham Fergyusonga Benzema tug‘ilgan yildagi musallasdan bir shisha hadya qilamiz».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter