Armaniston matbuoti: «Babayan millatchilik qurboni bo‘ldi»
Yaqinda O‘zbekiston futbol federatsiyasi qaroriga binoan milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan futbolga aloqador barcha faoliyatdan umrbod chetlatilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu qaror jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘ldi. E’tiborlisi, fikr bildirganlar orasida bir qator xorij, xususan, Armaniston nashrlari ham bor.
Masalan, Armanistonning «Armenian Report» nashri federatsiyaning ushbu qarorini «millatchilik» deya baholagan.
«O‘zbekistonda yuz berayotgan voqealar u yerda istiqomat qilayotgan armanlar uchun yaxshi bo‘lmagan davrlar boshlanayotganini ko‘rsatmoqda, — deyiladi maqolada. — Terma jamoa sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanning futbolga aloqador har qanday faoliyatdan umrbod chetlatilgani biz armanlar uchun yoqimsiz va hattoki tashvishli xabar bo‘ldi».
Muallifning fikriga ko‘ra, O‘FFning Samvel Babayanga qo‘ygan — futbolchilarga bo‘lgan noxolis munosabati sabab, termadagi muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgani, nomzodlarni saralab olishda asosan o‘ziga ma’lum futbolchilar bilangina ishlagani hamda barcha klublarga teng munosabatda bo‘lmagani, tajribali murabbiy hamda mutaxassislarning fikr va tavsiyalarini inobatga olmagani kabi ayblovlari mutlaqo adolatsizdir.
«Shunisi aniqki, Babayan o‘zining millati tufayli o‘zbek amaldorlarining g‘azabiga duchor bo‘ldi. Unga qo‘yilgan ayblar esa har qanday normal insonni hayratlantirishi tabiiy. Gap shundaki, Samvel Vyacheslavovich qo‘l ostida o‘zbekistonliklar 22 uchrashuv o‘tkazib, ularning 16 tasida g‘alaba qozondi, bir o‘yinda durang qayd etdi, 5 tasida mag‘lub bo‘ldi. Samvel Babayan foiz ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi murabbiylar o‘rtasida Rustam Akramovdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Aynan Babayan terma jamoani 2019-yilgi Osiyo chempionatiga yo‘llanma beradigan Jahon chempionati saralashining final bosqichiga olib chiqdi. Shunga qaramay uni tanish-bilishchilik va noxolislikda ayblashdi».
Maqolada aytilishicha, o‘zbeklar azal-azaldan «yumshoq qilib aytganda, armanlarni o‘ziga teng ko‘rmagan». Armanlarning «aqlli, madaniyatli va boy ekani» o‘zbeklarning nafratiga sabab bo‘lgan.
«Samvel Babayanning o‘rnida o‘zbek bo‘lganida bunday professionalni chetlatish hech kimning xayoliga kelmagan bo‘lardi. Armanni esa chetlatish mumkin. Armanlarni tanish-bilishchilik va qo‘shib yozishda ayblasa bo‘laveradi. Axir bu kulgili-ku! Xuddi o‘zbeklar hech qachon qo‘shib yozish va ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanmagandek. 1980-yillardagi «paxta ishi»ni aynan armanistonlik tergovchi Telman Xorenovich Gdlyan olib borgan edi. Aynan u O‘zbekistonga «toza havo» olib kirgan va bir necha yuzlab poraxo‘rlarni qamoqqa tiqqan edi. Bugun esa ajoyib sovet futbolchisi va professional murabbiyni turli ayblovlar bilan futboldan chetlashtirishmoqda.
Yashirmayman, meni O‘zbekistondagi arman jamoatchiligining xavfsizligi tashvishlantirmoqda. Biz ilgari bir necha bor o‘zbeklarning millatchiligiga guvoh bo‘lganmiz. Samvel Babayan voqeasi — buning yaqqol dalili. Shuning uchun ham armanlarning o‘z vataniga qaytishi — yagona choradir. Biroq buni amalga oshirish juda mushkul — buning uchun ularda mablag‘ va imkoniyat yo‘q. Chunki mustaqillik yillarida o‘zbek amaldorlari ularni yaxshi yashash uchun barcha imkoniyatlardan mahrum etishgan. Buning uchun bizning davlatimiz yordam bergan bo‘lardi, ammo, afsuski, Armanistonda bunday mablag‘ yo‘q. Shunday ekan, bunday qiyin vaziyatda O‘zbekistondagi armanlar faqat o‘ziga ishonishi lozim bo‘ladi», — deyiladi Armaniston nashri maqolasida.
Mavzuga doir: Babayan o‘zbekning oshini yeb katta bo‘lgan, bozbash* emas!
Mavzuga doir: O‘zbekistonda yashayotgan arman: «Tevos Arshakyan g‘araz to‘la maqolasi uchun uzr so‘rashi shart»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter