Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vrach Bashar Asad, avtobus haydovchisi Nikolas Maduro va boshqalar...

Vrach Bashar Asad, avtobus haydovchisi Nikolas Maduro va boshqalar...

Foto: «Interfaks»

Dunyoda prezidentlikka o‘qitiladigan universitet yo‘q. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra davlat rahbarlari orasida eng ko‘p uchraydigani huquqshunoslardir. Ba’zi prezidentlar bir nechta mutaxassislikka ega, ba’zilarining esa umuman ma’lumoti yo‘q. Masalan, AQSh prezidenti Ronald Reygan qachonlardir aktyor bo‘lgan. Vladimir Putin yuridik fakultetni bitirib, KGBda ishlagan bo‘lsa, Avraam Linkoln hatto maktabni ham bitirishga ulgurmagan. Boshqa mashhur prezidentlarning asl kasbini bilasizmi?

Germaniya kansleri Angela Merkel mutaxassisligi bo‘yicha fizik. 1986-yilda u Karl Marks nomidagi Leypsig universitetida ilmiy ish yoqlagan.

Suriya prezidenti Bashar Asad yoshligida davlat arbobi bo‘lish haqida o‘ylab ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Damashqdagi kollejni bitirgach, tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirib, vrach-oftalmolog bo‘lib yetishdi. Keyinchalik u harbiylikka qiziqdi, siyosatga aralashdi.

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro avtobus haydovchisi va Karakas metrosi ishchilarining kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarbayev Qarag‘anda metallurgiya zavodida cho‘yan quyuvchi sifatida mehnat qilgan. Keyinchalik ana shu zavodning partiya qo‘mitasi kotibligiga o‘tib, undan keyin Qozog‘iston kommunistik partiyasining markaziy qo‘mitasida ishlay boshlagan.

Irlandiya prezidenti Maykl Xigginsni iste’dodli shoir sifatida yaxshi bilishadi. Uning «Sotqinlik», «Yong‘in mavsumi», «Qurg‘oqchilik mavsumi» she’riy to‘plamlari Yevropada juda mashhur. Shuningdek, u televizion va badiiy filmlarga ssenariylar ham yozgan.

1980-yillarning boshida Boliviyaning bo‘lajak rahbari Evo Morales maktabni tashlab, armiyada xizmat qildi. U yerdan qaytgach, pul topish uchun koka plantatsiyalari bilan mashhur Chapare tog‘li rayoniga yo‘l oldi. Ikki yildan so‘ng ana shu o‘simlik ishlab chiqaruvchilarining kasaba uyushmasi yetakchisiga aylandi...

1975-yili Belarusning bo‘lajak prezidenti Aleksandr Lukashenko Mogilyov pedagogika institutining tarix fakultetini tarix va jamiyatshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tugatdi. Keyinchalik Belarus qishloq xo‘jaligi akademiyasining iqtisodiyot fakultetini tamomladi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov 1979-yili Turkmaniston davlat tibbiyot institutining stomatologiya fakultetini tugatgan. U tibbiyot fanlari doktori, professordir. Mehnat faoliyatini Ashxobod tumanidagi qishloqda tish do‘xtiri bo‘lib ishlashdan boshlagan Berdimuhammedov keyinchalik mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri, Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari vazifalarida ishlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring