Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vladimir Norov Eron borasidagi savolga javob berdi

Vladimir Norov Eron borasidagi savolga javob berdi

Foto: Mfa.uz

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti 2022-yil 15-16-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergandik.

Bugun, 16-may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan ShHT Bosh kotibi Chjan Min bilan uchrashuvda ushbu sammitga tayyorgarlik jarayonlarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida brifing o‘tkazildi.

O‘zbekistonning ShHTga raisligi davrida Eronning tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida kirishi bo‘yicha qandaydir qarorlar qabul qilinadimi?

Ushbu savolga Vladimir Norov quyidagicha javob berdi:

«Ma’lumki, o‘tgan yili ShHTning Dushanbe sammitida davlat rahbarlari tomonidan Eron Islom Respublikasini ShHTning to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilish tartibini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

O‘zbekistonning raisligi davrida ushbu qarorni amalga oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

ShHT kotibiyati ishtirokida Eron tomoni bilan qator maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Eron vakillari bilan muzokaralar jarayonida birinchi qadam sifatida Eron tomonining ShHTga a’zo bo‘lish majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum loyihasi kelishildi.

Ushbu hujjat Eronning ShHT doirasida qabul qilingan xalqaro shartnomalarga qo‘shilish majburiyatlari, shuningdek, tashkilot budjetiga to‘lanadigan badallar miqdori va ShHTning doimiy organlaridagi kvota birliklarini belgilab beradi.

Memorandumning kelishilgani Eron tomoni a’zolikni qo‘lga kiritganidan so‘ng ShHTning maqsad va tamoyillariga rioya qilish, a’zo davlatlar bilan do‘stlik munosabatlari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shish, ShHTning xalqaro va mintaqaviy masalalarda nufuzini oshirish, shuningdek, «Shanxay ruhi»ni yanada mustahkamlashga tayyor ekanidan dalolat beradi.

Memorandum Samarqand sammiti doirasida imzolanishi rejalashtirilgan. Hujjatning imzolanishi Eronga ShHTga a’zo davlat maqomini berish masalasini hal etish uchun asos bo‘ladi.

Ya’ni, Eron tomoni o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarsa, 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan sammitdayoq tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Alohida ta’kidlashni istardimki, Eronni ShHTga a’zo davlatlar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi kelishuvlar tashkilotning ochiqlik tamoyili va a’zo davlatlarning unga qat’iy amal qilish niyatini yaqqol tasdiqlaydi.

Eronning tashkilotga a’zo bo‘lishi ShHTning «geografik mas’uliyat» hududini kengaytiradi, o‘zaro bog‘liqlik sohasida mintaqalararo tashabbuslarni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring