Vengriya bosh vaziri Viktor Orban O‘zbekistonga kelmoqda
Shu yilning 29-31-mart kunlari Vengriya bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashiladi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston va Vengriya yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Vengriya ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bosh vazir Viktor Orban tashrif dasturiga muvofiq ilmiy va tarixiy ob’yektlar bilan tanishadi.
Tashrif yakunida iqtisodiyot, energetika, ta’lim va kadrlar tayyorlash, madaniyat, hududlararo hamkorlik, bandlik va mehnat munosabatlari sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter