Maxsus xizmatlar rahbarlari chegara masalasida uchrashishdi
2024 yilning 6 may kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi A. Azizov, Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Q.Tashiyev, Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari S.Yatimov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga oid muammolarni atroflicha muhokama qildilar. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, noqonuniy migratsiya, kontrabanda va transchegaraviy xarakterdagi boshqa tahdidlarga qarshi kurashish kabi dolzarb sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bilan bog‘liq kun tartibidagi masalalar, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralarni demarkatsiya qilish masalalari konstruktiv tarzda ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv ishtirokchilari qirg‘iz-tojik chegaralarini delimitatsiya qilish va o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaralarini demarkatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi va tomonlarning o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda ushbu masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilab olishdi.
Muzokaralar yakunida Qirg‘iziston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi a’zolariga chegaraning qolgan uchastkalarini muvofiqlashtirish, shuningdek, ikki tomonlama shartnomani tayyorlash va imzolash bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter