Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiy Kengash haqida nimalarni bilamiz?

Turkiy Kengash haqida nimalarni bilamiz?

2009-yil 3-oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga asos solingan davrdan buyon u o‘zining turli davrlarini boshidan o‘tkazdi. Hozirda tuzilmagan Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, O‘zbekiston a’zodir. Vengriya kuzatuvchi maqomida ishtirok etsa, Turkmaniston betaraf davlat sifatida doimiy mehmon, deya taklif etiladi.

Aslida unga qadar ham Turkiy tilli davlatlar rahbarlari sammiti mavjud bo‘lib, uning ilk sammiti 1992-yil 30-oktyabrda Turkiya Prezidenti Turg‘un O‘zol tashabbusi bilan Anqarada o‘tkazilgan. Keyingi sammitlar Istanbul (1994), Bishkek (1994), Toshkent (1996), Ostona (1998), Boku (2000), Istanbul (2001), Antalya (2006), Naxichevan (2009) shaharlarida o‘tkazildi.

Naxichevan bitimidan keyin tashkil etilgan Kengashning asosiy vazifasi a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalarini mustahkamlash, xavfsizlikni ta’minlash borasida hamkorlik qilishdir.

Davlat rahbarlari darajasidagi sammitlar Tashkilotning oliy tuzilmasi bo‘lib, 2011-yildan boshlab har yili bir marotaba o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yili aprelda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning tashabbusi bilan video-muloqot shaklidagi norasmiy sammit bo‘lib o‘tgan edi. Uning mavzusi ham pandemiya bilan kurashishda hamjihatlik va hamkorlikka qaratilgan edi.

Aynan 1996-yilda Toshkentda bo‘lgan oliy darajadagi anjumanda Sammitning kotibiyatini tuzishga qaror qilingan edi va uning qarorgohi Istambulda joylashgan.

Hozirda Kengash shafeligida 1993-yil 12-iyulda ta’sis etilgan va qarorgohi Anqarada joylashgan Turk madaniyati xalqaro tashkiloti (TYuRKSOY) faoliyat ko‘rsatmoqda. U turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni tiklashni, qardosh xalqlarimiz umumiy moddiy va madaniy merosini kelajak avlodlarga bezavol yetkazishni, ijod aholi o‘rtasida o‘zaro faol almashuvlarni amalga oshirishni asosiy maqsadi, deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, parlamentlarora aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2008 yil 21 noyabrda Turkiy tilli davlatlar parlament Assambleyasi tashkil etildi va qarorgohi Boku shahridan qo‘nim topdi.

Turk dunyosini tadqiq etish, til va adabiyotini keng o‘rganish, ilmiy va ta’lim faoliyatini chuqurlashtirish bo‘yicha xalqaro ilmiy markaz ya’ni Xalqaro turk akademiyasi Nur-Sulton shahrida Qozog‘istonning birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarbayev tashabbusi bilan 2010 yil 25 mayda ish boshladi.

Akademiya qirqqa yaqin ilmiy-tadqiqot institutlari, tarix va madaniyat markazlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan bo‘lib, yuzdan ortiq turkshunos olimlar loyihalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.

Akademiya qoshida 5 ta ilmiy muassasa – Tarix va etnologiya markazi, Til, adabiyot va atamashunoslik markazi, San’at va madaniyat markazi, Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar marazi, Xalqaro tadqiqotlar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, Ozarbayjonda 2012-yil 23-avgustdan boshlab, madaniy targ‘ibot, ma’naviy yuksalishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish, tarixiy merosni o‘rganish maqsadida Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi ham ish olib bormoqda.

Jamg‘arma turkiy tilli xalqlarning turli festivallarini, an’anaviy hunarmadchiligi, hududlardagi amaliy san’atni qo‘llab-quvvatlashni moliyalashtiradi, intellektual mulk huquqlarini himoya qiladi. 

Shu bilan birga, biznes doiralar va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga imkon beruvchi Ishbilarmonlar kengashi yordamchi organi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu birinchi navbatda, a’zo davlatlar savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi yaqin aloqalarni olib borish asosida amalga oshirilmoqda. 

2014-yil 24-dekabrda Kiyev shahrida Kengashning Ukrainadagi ilk mintaqaviy markazi va 2019 yil 19 sentyabrda esa Budapeshtda Turkiy Kengash vakolatxonasi ochildi. Yaqin istiqbolda Investitsiya jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tuzilishi rejalashtirilgan.

Madaniy hamkorlik – zamini mustahkam poydevordir

Har yili umumiy madaniyat va adabiyot xazinasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk shaxslarning nomlari bilan atash, ular ijodini keng targ‘ib etishga jiddiy urg‘u berib kelinmoqda.

Masalan, turkshunos olim Zakiy Volidiy Tog‘anning 120 yilligi (2010), tatar shoiri G‘aybulla To‘qayning 125 yilligi (2011), ozarbayjonlik mashhur dramaturg Mirza Atali Oxunzodaning 200 yilligi va xokas turkshunosi Nikolay Katanovning 150-yilligi (2012), taniqli qozoq bastakori Muqan Tulebayevning 100 yilligi (2013), buyuk turkman shoiri Mahtumquli Firog‘iyning 290 yilligi, dongdor qirg‘iz oqini To‘qtag‘o‘lning 150 yilligi (2014) keng nishonlandi.

Shuningdek, katta shuhrat qozongan turk dramaturgi Xaldun Tanerning 100 yilligi va xokas hikoyanavisi Semyon Kadishevning 130 yilligi (2015), o‘rta asrlar buyuk turk mutaffakiri va shoiri Yusuf Balosog‘uniyning ming yilligi (2016), Ozarbayjon shoiri va davlat arbobi Mulla Panax Vagifning 300 yilligi (2017), qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov yili (2018) va benazir ozar shoiri Nasimiyning 650-yilligi (2019), o‘tgan yili esa qozoq eli faxri Abay Kunanbayevning 175 yillik bayram tantanalari keng shodiyona qilindi.

Bu kabi muhim tadbirlar nafaqat xalqlarimizning ulug‘ ijodkorlari qoldirgan boy ma’naviy merosni keng targ‘ib etadi, balki ularni asrab-avaylashga, chuqur o‘rganishga ham da’vat etadi.

Bundan tashqari, har yili qadimiy va boy madaniy obidalarga ega, katta ahamiyat kasb etuvchi shaharlar Turkiy dunyo madaniy poytaxti, deb e’lon qilib kelinmoqda.

Masalan, 2012-yilda Ostona, 2013-yilda Eskishexir (Turkiya), 2014-yilda Qozon (Rossiya), bir yil o‘tib Marv (Turkmaniston), 2016-yilda Sheki (Ozarbayjon), 2017-yilda Qozog‘istonning Turkiston, 2018-yilda Turkiyaning Kostomonu, 2019-yilda Osh shahri bu maqomga ega bo‘ldi. 2020–2021-yillarda esa bu maqomini Xiva shahri qo‘lga kiritdi.

Albatta, o‘tgan yili murakkab pandemiya sababli qoldirilgan Xivada bunga daxldor muhim tadbirlar YUNESKO bilan hamkorlik joriy yilda o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda san’at va adabiyot sohasida katta yutuqlarga erishayotgan, turk dunyosi birdamligiga munosib ulush qo‘shayotgan shaxslarning Kengash doirasida g‘azal mulkining sultoni, benazir shoir va atoqli davlat arbobi Alisher Navoiy hazratlari nomidagi mukofotni ta’sis etish taklifi juda o‘rinlidir.

Buyuk bobomiz o‘z davrida turk tilining rivoji uchun beqiyos va tengi yo‘q hissa qo‘shibgina qolmay, keng mintaqalarimizda yashagan urf-odati va qadriyatlari mushtarak xalqlarning ahil va birdamligi, elu yurtlarning obodligi yo‘lida ulkan hissa qo‘shganlar. Alisher Navoiyning o‘lmas ma’naviy merosi, boqiy ijodiy ganjinasi barcha xalqlar uchun birdek qimmatli va har qancha ardoqlab, tarannum etsa arziydi.

Qolaversa, Qozog‘istonning bugungi sammit doirasida qadimiy va navqiron kent, ulug‘ ajdodimiz Yassaviy hazratlari hoki mangu qo‘nim topgan Turkiston shahrining Turk dunyosining ma’naviy poytaxtlaridan biri sifatida e’tirof etish bo‘yicha tashabbusi va uning barcha a’zo mamlakatlar tomonidan ma’qullanganida ham chuqur ramziy ma’no mujassam.

O‘zbekiston tashabbuslari hayotiy va dolzarbligi bilan ajralib turadi

O‘zbekiston tuzilmaga asos solingan davrda uning nafaqat faol ishtirokchisi, balki tashabbuskorlaridan biri ham bo‘lgan edi. Biroq turli sabablarga ko‘ra, 2000 yillar boshidan o‘zining ishtirokini chekladi va keyinchalik to‘xtatib qo‘ydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni va qardosh davlatlar va qator mintaqaviy tashkilotlar bilan ochiq va konstruktiv hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan oqilona tashqi siyosati Turkiy Kengash doirasidagi aloqalarning ham o‘rnatilishida hal qiluvchi rol o‘ynadi.

2018-yil 3-sentyabrda davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning Cho‘lpon-ota shahrida o‘tkazilgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtiroki bu boradagi tarixiy qadam bo‘ldi. 2019-yil 14-sentyabrda O‘zbekiston Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilib, o‘sha yili oktyabrda tuzilmaga rasmiy qo‘shildi.

O‘zbekiston rahbarining tashkilot doirasidagi sammitlarda har safar iqtisodiy, sarmoyaviy, savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya va logistika tizimlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalariga oid, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasini va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ziyorat turizmi bo‘yicha qator tashabbuslarni faol ilgari surib kelayotgani bejiz emas.

Chunki aynan ushbu ustuvor yo‘nalishlarning jadal taraqqiy etishi xalqlarimiz umumiy farovonligiga va aholining turmush darajasi yuksalishiga xizmat qiladi.

Ikki yil muqaddam Toshkentda Ishbilarmonlar kengashi va turkiy tilli mamlakatlar ilk Investitsiya forumi o‘tkazilgani ham shu ezgu rejalarga qaratilgani bilan katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Tashkilotga a’zo va 150 milliondan ortiq aholiga ega barcha davlatlar bilan strategik sheriklar aloqalarini o‘rnatgan. Unda kuzatuvchi bo‘lib qatnashayotgan Vengriya bilan esa kuni-kecha ushbu davlat Bosh vaziri Viktor Orbanning yurtimizga rasmiy tashrifi chog‘ida bu muhim hujjatga qo‘l qo‘yildi.

Binobarin, davlatimizning tuzilmada doirasida keng qamrovli aloqalarni tobora faollashtirib borayotgani, dolzarb tashabbuslarni doimiy ravishda ilgari surib borayotgani, hali ishga solinmagan juda katta imkoniyat va salohiyatdan to‘liq va unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Pandemiya tufayli yuzaga kelayotgan global iqtisodiy inqiroz sharoitida va hali-hanuz o‘tib ketmayotgan ayni sinovli bir davrda mintaqaviy o‘zaro hamkorlik va ko‘p tomonlama manfaatli sheriklik munosabatlarining chuqurlashuvi barcha uchun doimo katta samara va naf keltirishi shubhasizdir.

Dilafro‘z Xudoyberdiyeva,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti mutaxassisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring