Toshkentda Eron prezidenti saylovining ikkinchi turi o‘tkazildi
5-iyul, juma kuni Eron Islom Respublikasida hamda mamlakatning xorijiy davlatlarda ochilgan saylov uchastkalarida prezident saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, O‘zbekistonda vaqtincha yashab turgan eronliklar mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi binosida ochilgan ovoz berish uchastkasiga kelib, saylovlarning ikkinchi turiga chiqqan ikki nomzoddan biriga ovoz berishdi.
Eron Islom Respublikasi konstitutsiyasiga ko‘ra prezident saylovlarining birinchi turida saylovchilarning 50 foizidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod mamlakat prezidentligiga saylangan hisoblanadi. Bordiyu nomzodlardan birortasi 50 foizdan ortiq ovoz ololmasa, prezident saylovlarning eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod ishtirokidagi ikkinchi turi natijalari bo‘yicha aniqlanadi.
Saylov natijasi barcha ovozlar hisoblab bo‘lingach, 6-iyulda — kunning birinchi yarmida ma’lum bo‘ladi.
Prezident lavozimi uchun sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Mas’ud Pizishkiyon (69 yosh) va Eron yetakchisining Milliy xavfsizlik bo‘yicha oliy kengashdagi vakili, konservator Said Jaliliy (58 yosh) kurashmoqda.
28-iyun kuni o‘tkazilgan saylovning birinchi turida Pizishkiyon 44 foiz, Jaliliy 40 foiz ovoz to‘plagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter