TIV Afg‘oniston bo‘yicha yana bayonot berdi
![TIV Afg‘oniston bo‘yicha yana bayonot berdi](https://static.xabaruz.com/crop/1/1/720_460_95_1184332144.jpg)
O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda.
«Ichki afg‘on kuchlarining inklyuziv hukumat shakllantirishga tayyorligi haqidagi bayonotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Dohadagi afg‘onlararo muzokaralar doirasida keng ko‘lamli tinchlikka erishilishiga umid bildiramiz.
Umid qilamizki, mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini inobatga olgan holda umumiy konsensus asosida tinch yo‘l bilan amalga oshiriladi.
Ishonchimiz komil, vaziyatning bu yo‘nalishda rivojlanishi milliy kelishuvga erishishga olib keladi hamda kuchli va layoqatli davlatni shakllantirish uchun sharoit yaratadi.
O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashga va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga sodiqligini qat’iy bildiradi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonning Kobul va Mozori Sharifdagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda ishlamoqda.
O‘zbekiston tomoni chegara himoyasini ta’minlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo‘yicha «Tolibon» Harakati vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi.
Shuni qat’iy ma’lum qilamizki, O‘zbekiston davlat chegarasini buzishga bo‘lgan har qanday urinishlar milliy qonunchilikka muvofiq keskin ravishda bartaraf etiladi», deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, TIVning avvalgi bayonotlarida 14 avgust kuni Afg‘oniston Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilaridan iborat 84 kishilik guruh davlat chegarasini kesib o‘tgani xabar qilingandi. 15 avgust soat 10.00 holatida esa Termiz-Hayraton ko‘prigi hududida vaziyat yumshaganini bildirgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter