Prezident: «Tashqi ishlar vazirligi tizimida byurokratiya borligini yaxshi bilaman»
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 11-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
«Bugungi majlisga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida men vaqtimni ayamasdan, har bir elchixona yuborgan hisobotlarni diqqat bilan o‘rganib chiqdim, — dedi Prezident o‘z nutqida. — Bu hisobotlar juda chiroyli, silliq qilib yozilgan. Ammo amalda vaziyat butunlay boshqacha.
Mana, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar va Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitalarining 2017 yil yakunlari bo‘yicha ma’lumotlari qo‘limda turibdi. Ularda sizlar faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakatlarga oid amaldagi eksport va xorijiy investitsiyalar hajmi, yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni aniq aks ettirilgan. Bu ma’lumotlar sizlarning hisobotingizdagi raqamlardan butunlay farq qiladi. Haqiqiy vaziyat faoliyatingiz bo‘yicha real natijalarni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Ko‘pchilik elchi va diplomatlar bugun amaliy ish o‘rniga internetdan olingan, dolzarb bo‘lmagan ma’lumotlar, «tahlillar» va hisobotlar tayyorlash bilan shug‘ullanib o‘tiribdi. Bunday nomaqbul ish uslubining turlicha sabab va omillari bor, albatta.
Ayrim elchilar yengil-yelpi ish yuritishga, xalqimiz ta’biri bilan aytganda, og‘irning — ustidan, yengilning — ostidan yurishga o‘rganib qolgan. Ular davrning qat’iy talablarini hisobga olishni, o‘zini, ish uslubini o‘zgartirishni istamayapti. Biz bunday elchilar bilan xayrlashamiz.
Tashqi ishlar vazirligi tizimida byurokratiya va ortiqcha qog‘ozbozlik bilan bog‘liq holatlar borligini ham yaxshi bilaman. Bugungi kunda hayotning o‘zi ushbu tizimni chuqur qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirishni talab etmoqda. Bu birinchi navbatda xorijdagi elchixonalarimiz tomonidan hisobot taqdim etish, ularni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash masalalariga taalluqlidir.
Vazirlik va unga qarashli muassasalarda tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, ularning faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarur», deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter