Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarixiy tashrif yakunida qo‘shma bayonot imzolandi

Tarixiy tashrif yakunida qo‘shma bayonot imzolandi

Foto: «President.uz»

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-10-mart kunlari davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasida bo‘ldi.

O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga, erishilgan kelishuvlar o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga intilgan holda qo‘shma bayonot imzolandi.

Qo‘shma bayonotga ko‘ra, Prezidentlar uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish va hamkorlikning barcha yo‘nalishlaridagi mavjud yuksak salohiyatni imkon qadar to‘la ro‘yobga chiqarish maqsadida yaqin istiqbolda ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani ishlab chiqishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston rahbariyati Tojikistonning 2018-2028-yillarda «Suv barqaror rivojlanish uchun» xalqaro harakatlar o‘n yilligi to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shuningdek, davlat rahbarlari ikki mamlakatning umumiy transport-kommunikatsiyaviy imkoniyatlari va tranzit salohiyatidan imkon qadar to‘la foydalanishga alohida ahamiyat bergan holda, transport qatnovi sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish va mavjud avtomobil, temir yo‘l, havo qatnovi tranzit yo‘nalishlarini qayta tiklash va yangilarini yaratish masalalarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli idoralarga topshiriq berdilar.

Bundan tashqari, ikki mamlakat Prezidentlari o‘zbek tilini Tojikistonda hamda tojik tilini O‘zbekistonda o‘rganish va o‘rgatishni takomillashtirish, o‘zbek va tojik tillarida o‘qitiladigan umumiy ta’lim o‘quv muassasalari tizimini kengaytirish, o‘quv va badiiy adabiyotlar, davriy va ilmiy nashrlar bilan almashinuv bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, ikki mamlakatning mumtoz adabiyot vakillari va zamonaviy mualliflari asarlarini tarjima qilishni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratadilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring