Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Si Szinpin: «O‘zbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman»

Si Szinpin: «O‘zbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpindan mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tabrik maktubi keldi. 

«Hurmatli Prezident janoblari!

Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizga va Siz orqali do‘st O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarimni bildirishga ijozat bergaysiz.

Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 30 yilda Xitoy-O‘zbekiston aloqalari izchil rivojlanib, muvaffaqiyatlarga erishdi hamda tinchlik-totuvlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik ruhidagi davlatlararo munosabatlarning yorqin namunasiga aylandi. Xususan, mamlakatlarimiz islohotlar, ochiqlik, taraqqiyot va qayta tiklanish borasida bir-biridan o‘rganmoqda va tajriba almashmoqda, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarini birlashtirib, o‘zaro yordamlashmoqda, bu esa har tomonlama strategik sherikligimizning mohiyatini to‘liq aks ettiradi.

Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarining rivojiga katta ahamiyat qaratmoqdaman hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligidan foydalanib, Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochish maqsadida bor kuch va imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligimini bildiraman.

Faoliyatingizga muvaffaqiyatlar va mustahkam sog‘lik tilayman.

Do‘st O‘zbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman», deyiladi Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tabrigida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring