Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi oldidan brifing o‘tkazildi
Prezident Matbuot xizmati rahbari Komil Allamjonov AQSh poytaxti Vashington shahridagi matbuot markazida Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi oldidan brifing o‘tkazdi.
Matbuot kotibining brifingda ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining samolyoti 15-may kuni Vashingtondagi Endryus aeroportiga qo‘nadi. Shavkat Mirziyoyevni AQSh davlat departamenti rahbariyati va boshqa rasmiy shaxslar kutib oladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-may kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Muzokaralar avval tor doirada, keyin keng doirada bo‘lib o‘tadi.
Keng doiradagi muzokaralarda O‘zbekiston va AQSh delegatsiyasi vakillari ishtirok etadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Tashrif davomida 40dan ortiq hujjatlar qabul qilinishi, shuningdek, umumiy qiymati 8,5 mlrd dollarlik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy bitimlar imzolanishi rejalashtirilmoqda. Bu raqamlar tashrif davomida o‘zgarishi mumkin va bu haqda qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.
16-may kuni kechasi O‘zbekiston tomoni rasmiy qabul marosimi o‘tkazadi. Unda AQSh ma’muriyati rahbariyati, vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari qatnashadi.
Prezidentimiz 17-may kuni Pentagonga tashrif buyurib, AQSh mudofaa vaziri bilan muzokara o‘tkazadi. Kapitoliyda kongressmenlar va senatorlar bilan uchrashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni hartomonlama mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.
Shavkat Mirziyoyev Jahon banki prezidenti bilan ham uchrashadi va mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya jalb qilish bo‘yicha muzokara olib boradi.
Matbuot xizmati rahbari Komil Allamjonov tashrif davomida bo‘lib o‘tadigan muloqotlar va ularning natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar yetkazib borilishini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter