Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati

Ko‘ksaroyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarda tarixiy voqea ekanini ta’kidladi.

«Biz Misrga insoniyat sivilizatsiyasi markazlaridan biri, bugungi kunda katta salohiyatga ega davlat sifatida qaraymiz. Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida qadimdan aloqalar bo‘lgan. Mana bugun O‘zbekiston bilan Misr hamkorligida yangi bosqich, amaliy ishlar boshlanmoqda. Ushbu tashrifga tayyorgarlik jarayonida mamlakatlarimizda foydalanilmayotgan ulkan imkoniyatlar borligi ayon bo‘ldi. Bugun o‘tayotgan biznes-forumda qiymati 400 million dollarlik shartnomalar bo‘yicha kelishuvga erishilgani shundan dalolat. Ishonamanki, Misr Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi o‘zaro hamkorligimizda katta natijalar beradi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati

Muzokarada avval erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarning natijalari muhokama qilindi. Prezidentlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va ilmiy-texnikaviy, turizm va madaniyat sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada faollashtirish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash, turli darajalarda uchrashuvlar o‘tkazish va sheriklik aloqalarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Mintaqaviy xavfsizlikni musahkamlash, xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish masalalariga e’tibor qaratildi. Bu borada tajriba almashish, idoralararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma ishchi guruhi tashkil etishga qaror qilindi.

Afg‘onistonda mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish, bu masalalar bo‘yicha Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Prezidentlar ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan qarashlari yaqin va o‘xshash ekanligini ta’kidladilar.

Abdulfattoh as-Sisi Shavkat Mirziyoyevni Misrga tashrif bilan borishga taklif etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring