Shavkat Mirziyoyev Tokayevni Qozog‘iston prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surilgani bilan qutladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Tokayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentimiz Qozog‘iston rahbarini joriy yil 9-iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti sayloviga nomzod etib ilgari surilgani bilan qutladi hamda ushbu muhim siyosiy tadbirning o‘tkazilishida muvaffaqiyat tiladi.
Davlat rahbarlari Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Tokayevning joriy yil 14-15-aprel kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi natijalarini yuksak baholadilar.
Erishilgan kelishuvlarni hamda sanoat, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda aniq loyihalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm yo‘nalishlarida faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani alohida qayd etildi.
«O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining ishbilarmonlikka oid tadbirlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarga boy dasturi qardosh xalqlarimizning yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qilishi ta’kidlandi», deya ta’kidlangan matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter