Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri bilan uchrashdi

16 sentyabr kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan muzokara o‘tkazdi.

Ikki mamlakat yetakchilarining joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tgan sammitida O‘zbekiston va Pokistonning ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu yil boshidan ikki tomonlama tovar ayirboshlash 2,5 barobar ortgani, 30 dan ortiq yangi qo‘shma korxona tashkil etilgani ta’kidlandi. Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar tiklandi.

Samarali ishbilarmonlik almashinuvlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish borasida birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi. Eng avvalo, preferensial savdo to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilish, tranzit va savdo munosabatlari to‘g‘risidagi bitim qoidalarini bajarish, qabul qilingan “yo‘l xarita”siga muvofiq iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish shular jumlasidan.

Uchrashuvda Afg‘onistonda vujudga kelayotgan holatdan kelib chiqib mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring