Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xususiy klinikaga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi DMC xususiy klinikasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur shifo maskanida oftalmologiya, neyrojarrohlik, plastik jarrohlik, kardiologiya, pediatriya, reabilitatsiya kabi o‘n beshdan ortiq ixtisoslik bo‘yicha tashxislash va davolash yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonga tibbiyoti rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan amaliyot va texnologiyalar joriy etilgan.
Xususan, klinika AQSh, Germaniya, Avstriya, Yaponiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Shifokorlar Germaniya, Avstriya, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiyadagi yetakchi tibbiyot markazlarida malaka oshirgan.
Bemorlar birinchi qavatda tashxisdan o‘tkazilib, mutaxassislar maslahatini oladi. Ikkinchi qavatda jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Zarur hollarda yuqori qavatlarda yotib davolanadi.
Prezident innovatsion klinikadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Kasalliklarni erta aniqlash va davolash, sifatga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
- Biz nima uchun tibbiyotda xususiy tarmoqqa sharoit yaratyapmiz? Raqobat bo‘lishi kerak. Raqobat bo‘lsa, sifatga intilish bo‘ladi, davolash, xizmat ko‘rsatish yaxshilanadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Klinika ko‘rish qobiliyatini tiklash bo‘yicha yetakchi markazlardan biridir. Bu yerda ko‘z to‘r pardasi kasalliklari va patologik holatlarni tashxislash imkonini beradigan «Topcon» tamograf-angiograf tekshiruvi, neyrofiziologik reabilitatsiya, kompyuterli bioboshqaruv kabi noyob davolash usullari qo‘llaniladi.
Prezidentimiz kompyuterli bioboshqaruv xonasida ham bo‘lib, bu usul orqali medikamentlarsiz davolash, ruhiy va nutqiy nuqsoni bor bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish mumkinligiga e’tibor qaratdi.
Shu yerda ko‘z mikrojarrohligi bo‘yicha o‘quv simuliyasion markaz tashkil etish loyihasi taqdim qilindi. Davlatimiz rahbari loyihani ma’qullab, kadrlar malakasini oshirishga xizmat qiladigan bunday simuliyasion markazlarni tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari va mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter