Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev energetika tizimi faoliyatiga oid yig‘ilish o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev energetika tizimi faoliyatiga oid yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni elektr energetikasi korxonalari faoliyatini transformatsiya qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi talabi tobora o‘sib, yoqilg‘i-energetika tarmog‘i shunga mutanosib modernizatsiya qilinmoqda. Bu ishlar davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 martdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi asosida olib borilmoqda.

Xususan, sobiq «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati negizida elektr energiyasi ishlab chiqarish, yetkazib berish va sotish bo‘yicha 3 ta alohida tuzilma tashkil etildi. 7 million iste’molchi Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanib, aholidan to‘lov undirish 100 foiz ta’minlanmoqda. Generatsiya sohasida jami 7 milliard dollarlik 19 ta quyosh, shamol va issiqlik elektr stansiyalari qurish bo‘yicha loyihalarga xorijiy investorlar jalb qilindi.

Shu bilan birga, sohada raqobatni yaratish, energiya ta’minotining hajmi va sifatini oshirish bo‘yicha hali qilinadigan ishlar ko‘p. Jumladan, energetika tizimini modernizatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun kelgusi yillarda 20 milliard dollarga yaqin investitsiya talab etiladi. Buning uchun sohada raqobatli bozorni shakllantirish va xususiy investorlarga sharoitlarni kengaytirish zarur.

Shu bois yig‘ilishda energetika bozorini boshqarish bo‘yicha yangi tizim yaratish masalalari muhokama etildi.

Xususiy generatsiya korxonalari ulanishi uchun teng sharoit yaratish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasini yagona xarid qilish va magistral tarmoqlarni boshqarish vakolatlarini ajratish taklifi bildirildi. Bunda, yagona xarid qiluvchi kompaniya barcha elektr stansiyalaridan elektr energiyasini shartnoma asosida sotib olib, yirik korxona va hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotadi. Magistral tarmoq operatori esa elektr energiyasini yetkazib berish, yo‘qotishlarni kamaytirish va energotizimni texnik boshqarish bilan shug‘ullanadi.

Kelgusi yilda 14 ta tuman va shaharda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga muqobil tarzda, iste’molchilarga elektr energiyasini sotadigan xususiy chakana elektr savdo kompaniyalari tashkil etiladi.

Shuningdek, tarmoq rahbarlariga transformatsiya jarayonini jadallashtirish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qila oladigan kompaniyalarga aylantirish kerakligi ta’kidlandi. Soha korxonalarining operatsion xarajatlarini optimallashtirish, elektr uzatish tarmoqlarini yangilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Hukumat va soha rahbarlariga ushbu islohotlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring