Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmon va Sadir Japarov bilan muloqot o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmon va Sadir Japarov bilan muloqot o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki mamlakat yetakchilari yaqinda Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida ro‘y bergan fojiali voqealar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar. Davlatimiz rahbari insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi. Vaziyatni normallashtirish yuzasidan kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitining asosiy yakunlari va uning doirasida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuv yuzasidan fikr almashildi.

Oliy darajadagi tadbirlar davomida qabul qilingan, eng avvalo, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini tayyorlashni tezlashtirish va ilgari surish bo‘yicha qarorlarni tez fursatda amalga oshirish muhimligi qayd etildi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yaqinda yuz bergan fojiali voqealar yuzasidan fikr almashdilar. Prezidentimiz qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda vaziyatning avj olishini to‘xtatish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishilganini chin dildan olqishladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida o‘tkazilgan tadbirlarning sermahsul yakunlarini muhokama qildilar.

Ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish, shu jumladan «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Bo‘lajak oliy darajadagi, shu jumladan mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi uchrashuvlarga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring