Shavkat Mirziyoyev: «Dunyoning tahlikali bo‘lib borayotgani bizga ham ta’sir qiladi»
Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi.
Harbiy orkestr ijrosida «Xotirlash kuyi» yangradi. Davlatimiz rahbari «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.
– Bugun dunyo tahlikali bo‘lib boryapti. Har daqiqa sinovli bo‘layapti. Bu bizga ham ta’sir qiladimi? Albatta ta’sir qiladi. Lekin xalqimiz hayotiga shu ta’sirni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz. Mehnatimiz bilan, birdamligimiz bilan, Xudo xohlasa, bu sinovlardan ham o‘tamiz, – dedi Prezident.
Davlat rahbari bu maskan urush oqibatlarini, tinchlik qadrini yodga solishini ta’kidladi. Vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari ham majmua poyiga gullar qo‘ydi.
– Bugun ushbu G‘alaba bog‘ida turib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni qutlug‘ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bunday damlarda qahramon ota-bobolarimiz xotirasini yodga olib, ularning jasorati oldida ta’zim qilamiz. Ularning tinchlik va ozodlikka bag‘ishlagan serqirra hayot yo‘li kelgusi avlodlar uchun o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan buyuk merosdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter