Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyul kuni Kuksaroy qarorgohida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbariga O‘zbekistonga kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, davlatimiz rahbari A.Guterrishning respublikamizga bu galgi, ikkinchi tashrifi "O‘zbekiston-2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar BMT tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganining tasdig‘i ekanini ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi.

Hamkorlikning jadal sur’ati va misli ko‘rilmagan yuqori darajasi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

140 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarning o‘zida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyusiyasi qabul qilindi.

Yil boshidan buyon BMT Bosh kotibining beshta o‘rinbosari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘tgan oyda mamlakatimiz Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Ma’muriy kengashiga saylandi. O‘zbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi – Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro jamg‘armaning vakolatxonasi ish boshladi.

Birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. Kelgusi yilda Samarqandda YuNESKOning 43-bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. Davlatimiz rahbari Bosh kotibning xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy organlarini isloh qilish hamda joriy yilda Nyu-York shahrida Kelajak sammitini o‘tkazish tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Mintaqada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, oziq-ovqat, energetika va axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afg‘on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida 2026-2030 yillarda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring