Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev atom energiyasi bo‘yicha korporatsiya bosh direktorini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev atom energiyasi bo‘yicha korporatsiya bosh direktorini qabul qildi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan «Rosatom» atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi. Bu haqda Prezdent matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlashga, o‘zaro manfaatli serqirra hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgan oliy va yuqori darajadagi muloqotlar muntazamlik kasb etganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal ortib bormoqda, birgalikda investitsiya, energetika, sanoat, transport va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, izchil hududlararo muloqot yo‘lga qo‘yilgan, madaniy-gumanitar almashuvlar faollashdi.

Muzokarada fan va yuqori texnologiyalar sohasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot institutlari va innovatsiya markazlari o‘rtasida, jumladan, o‘tgan yili imzolangan Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim doirasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘shma dastur va loyihalar doirasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

«Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Rossiya mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida energetika sektorida keng ko‘lamli sheriklik va o‘zaro foydali ilmiy-texnologik hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligi va bunga tayyorligi alohida qayd etildi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring