Saylovoldi uchrashuvlaridagi yangicha yondashuvlar: muhim jihatlar nimada?
Joriy yildagi prezidentlik saylovlari o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Saylovchi sifatida mazkur jarayonlarni kuzatar ekanmiz, oktyabr oyining dastlabki o‘n kunligi davomida nomzodlarning saylovchilar bilan faol targ‘ibot-tashviqot tadbirlar samarali olib borilmoqda. Ularning mazmun-mohiyati jihatdan bir-biridan farq qilishi, ham georafik jihatdan, ham mazmun jihatdan boyligi hamda saylovchilarning faol ishtiroki bilan o‘tkazilganligini qayd etish mumkin.
Nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari davomida asosiy e’tibor saylovoldi dasturlarini ma’no-mazmunini saylovchilarga yangicha yondashuv asosida tushuntirishga qaratildi. Uchrashuvlar respublikamizning barcha hududlarini va aholining keng qatlamlarini qamrab olmoqda.
Nomzodlarning saylovoldi Dasturi yangicha yondashuv asosida va partiyalar elektorati manfaatlari imkon darajasida kengroq qamrab olingan holda shakllantirilganligi joylardagi saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvlar chog‘ida namoyon bo‘lmoqda.
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan nomzod A.Qodirov Xorazm viloyatida uchrashuvlari davomida muzeylar, madaniy meros ob’yektlari va tarixiy obidalarga tashrif buyurib, «O‘zbekiston dunyodagi kam sonli davlatlar orasida eng ko‘p madaniy merosini saqlab qola olgan mamlakat hisoblanadi. Madaniy merosni, tarixiy obidalarni asramaslik tarixni asramaslik», – deya fikr bildirdi.
Nomzodning pedagogika to‘la ravishda davlat tasarrufida bo‘lishi lozimligi xususidagi taklifiga va oliy ta’lim tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan rejalariga saylovchilarning ma’lum bir qismi ijobiy munosabat bildirmoqda. Uning fikricha, «bo‘lajak pedagoglarni ruhiy testdan o‘tkazish kerak. U bolani yaxshi ko‘radimi, yo‘qmi bilishimiz zarur. Surxondaryoda bo‘lgani kabi yig‘layvergan bolani qo‘rqitish uchun pichoq ko‘rsatmaydigan, Qashqadaryoda bo‘lgani kabi jahli chiqib qolgan paytda bolani urib, ko‘r qilib qo‘ymaydigan, darsni qilib kelmagani uchun seva oladigan insonlarni saralab olishimiz lozim».
Xalq demokratik partiyasi nomzodi M.Vorisovaning Andijon viloyatida saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta’minlash, o‘rta muddatli istiqbolda kam ta’minlangan aholi qatlamlari ulushini kamida 2 baravar qisqartirish maqsadida kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sektorlar va mehnat talab qiladigan tarmoqlarga alohida e’tibor qaratgan holda, iqtisodiyotning innovatsion ilg‘or texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlantirish maqsadida samarali moliyaviy va soliq imtiyozlarini qo‘llash lozim», – deya ta’kidladi.
M.Vorisova uchrashuvlar chog‘ida «olis va chekka hududlarda shifokorlar hamda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun «Qishloq shifokori» va «Qishloq o‘qituvchisi» dasturlarini amalga oshirish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik asosida mustahkamlash, aholining kam ta’minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish» masalalariga ham to‘xtab o‘tdi.
N.Oblomurodovning targ‘ibot-tashviqot tadbirlari chog‘ida asosiy urg‘u saylovoldi Dasturidan joy olgan «yashil» iqtisodiyotni barpo etish masalalariga qaratildi. N. Oblomurodovning atrof-muhitni asrab-avaylash jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi haqidagi g‘oyalari va bayonotlari elektorat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shu bilan birga, saylovchilar O‘zbekiston Ekopartiyasi va uning nomzodi N. Oblomurodovning faoliyatiga, xususan atrof muhitga qarshi jinoyatlarga, ayniqsa, daraxtlarning ko‘plab kesilishi bilan bog‘liq masalalarga mutlaqo befarqligiga tanqidiy baho bermoqdalar.
Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovning qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvi samimiy, konstruktiv ruhda o‘tdi. Uchrashuvda u mazkur hudud bilan bog‘liq qator muammolarni sanab o‘tdi. «Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini ta’minlash strategik maqsadimiz bo‘lib qoladi», - dedi Narzullo Oblomurodov. «Yashil taraqqiyot» saylovoldi dasturimizdagi eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Qoraqalpog‘istonlik va mo‘ynoqlik yoshlar bu ulkan vazifalarni amalga oshirishda faollik ko‘rsatishiga, bizga ko‘makchi bo‘lishiga umid qilamiz», - dedi N.Oblomurodov.
«Adolat» sotsial demokratik partiyasidan nomzod B.Abduhalimov saylovoldi uchrashuvlari chog‘ida jamiyatda xotin-qizlarning rolini oshirish hamda yosh avlodni yetuk va bilimli qilib tarbiyalash masalalariga alohida to‘xtaldi. Xususan u Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuv chog‘ida maktab talimini rivojlantirish va ta’lim sifatini yanada oshirish tarafdori ekani haqida atroflicha fikr yuritdi. Jumladan, «pedagog-muallimlar mehnatini rag‘batlantirish, o‘qituvchilik kasbi nufuzini oshirish,umumtalim maktablarida ijtimoiy adolat va tenglik tamoyillarining qaror topishini yanada jadallashtirish kerak. Darsliklar sifatini oshirish uchun darsliklarni tayyorlash markazi tashkil etish zarur» – deya takliflarini ifoda qildi nomzod.
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi nomzodi mamlakatimizda yuzaga kelgan ekologik muammolarga nisbatan O‘zbekiston ekologik partiyasining befarqligi, mazkur muammolarga nisbatan o‘zining faol partiyaviy pozitsiyasini ko‘rsatmayotganligini tanqid qilib o‘tdi.
Shuningdek uchrashuvda «biz, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy etish kabi muhim masalalarni ilgari suramiz. Dori vositalarining noqonuniy aylanishiga to‘liq chek qo‘yib, qalbakilashtirilgan, sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish tarafdorimiz. O‘tgan yildan buyon dunyoga chang solib turgan koronavirus pandemiyasi ham jamiyatda tibbiy madaniyatni yuksaltirishning o‘rnini keng namoyon etdi. Shu jihatdan biz jamiyatda tibbiy madaniyat kodeksi ishlab chiqilishini zarur»,— deb o‘z tashabbuslarini ifoda qildi.
Saylovchilar Sh.Mirziyoyevning birinchi prezidentlik davridagi yutuqlarni ijobiy baholab, arzon va sifatli uy-joy yetishmasligi, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda shu kabi muammolarning yechimi masalasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligini qayd etdilar va ushbu yangilanishlarning rivojlanish dinamikasini saqlab qolish va davom ettirish zarurligi haqida fikr bildirdilar.
Sh.Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda «Men Qashqadaryo to‘g‘risida o‘ylaganimda, bugungi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rganimda, meni eng ko‘p qiynaydigan masala – bu hudud aholisiga munosib hayot, to‘kin dasturxon va doimiy daromad manbalarini ta’minlab berish», - deya ta’kidladi.
Shuningdek, «joriy yildan boshlab, “Bag‘dod tajribasi» asosida uylar, sanoat korxonalari va ijtimoiy infratuzilmani o‘z ichiga olgan Yangi O‘zbekiston massivlari barpo etiladi», – deya ta’kidlandi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan boshqa nomzodlarning saylovoldi tashviqotidagi umumiy yondashuvlari saylovchilar tomonidan salbiy baholanmoqda.
Prezidentlikka nomzodlarning targ‘ibot-tashviqot tadbirlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi bilan bir qatorda virtual maydonda ham ancha faol yoritilayotganligi, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘layotganligi joriy saylovlarning o‘ziga xos yangiliklaridan biri deb hisoblash mumkin. Nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlari, partiyalarning targ‘ibot-tashviqot tadbirlari siyosiy partiyalarning rasmiy saytlari hamda Telegramm, Facebook, YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlarda saylovoldi tadbirlar foto, video va matn shaklida batafsil yoritilmoqda. O‘tgan hafta mobaynida mahalliy OAVlar va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borish va ularning kontentini tahlil qilish natijasida aytish mumkinki, saylov jarayonlariga bog‘liq «Milliy tiklanish» demokratik partiyasiga tegishli 2890 ta, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasiga tegishli 200 ga yaqin, Xalq demokratik partiyasiga tegishli 200 dan ortiq, Ekologik partiyaga tegishli 489 ta hamda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga tegishli 6500 dan ortiq turli materiallar va chiqishlar tayyorlangan va tarqatilgan.
Shunday qilib, yuqoridagi fikrlarga xulosa qilgan holda barcha nomzodlarning joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlari jarayonlarini kuzatish orqali aytish mumkinki, mamlakatimizda saylovoldi kampaniyasi yuqori sur’atda olib borilmoqda.
Saylovlar jarayonida partiyalararo bahslar qatorida nomzodlar o‘rtasida ham bahs-munozaralar, o‘zaro replikalarning namoyon bo‘layotganligi saylovoldi jarayonida haqiqiy kurash ketayotganligini bildiradi.
Saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, shu jumladan, siyosiy partiyalarning nomzodlari va saylovchilar o‘z huquq va majburiyatlariga munosib tarzda o‘z pozitsiyalarini namoyon etishlariga ishonamiz.
Rustam Rashidov,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter