Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rustam Inoyatov Senat a’zosi etib tayinlandi

Rustam Inoyatov Senat a’zosi etib tayinlandi

Foto: «Xinxua»

Avval xabar berganimizdek, 2018-yil 31-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, unda sohada amalga oshirilgan ishlar tahlili va Milliy xavfsizlik xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilingan edi.

Mazkur yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rilgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi etib tayinlangani munosabati bilan Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan, Prezident farmoniga binoan Respublika Bosh prokurori lavozimida ishlab kelayotgan Ixtiyor Abdullayev Milliy xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlangan edi.

Bugun ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati sobiq raisi Rustam Inoyatov Prezident farmoni bilan Oliy Majlis Senati a’zosi etib tayinlangan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib «Daryo.uz» xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, MXXning sobiq rahbari senator sifatida daxlsizlik huquqidan foydalanishi mumkin. «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, Senat a’zosi Senat roziligisiz, Senat majlislari oralig‘ida esa Senat Kengashi roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas. Senat a’zosiga uning senatorlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi. Senat a’zosining vakolatlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring