Qozog‘iston va Qirg‘iziston prezidentlari ham Shavkat Mirziyoyevni tabriklashdi
Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon hamda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar berilgandi.
Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan ham telefon orqali muloqot qildi.
Qasim-Jomart Tokayev davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlar ekan, uning qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan hissasini alohida ta’kidladi.
Suhbatda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama tovar ayirboshlashni yanada oshirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, tranzit salohiyati va hududlararo hamkorlikdagi keng imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladilar.
Shu munosabat bilan o‘tgan hafta ikki mamlakat hukumat delegatsiyalari ishtirokida «Beyneu-Akjigit-O‘zbekiston chegarasi» avtomobil yo‘lining ochilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida birgalikdagi madaniy-gumanitar tadbirlarni muvaffaqiyatli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bugun Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston xalqi va shaxsan o‘z nomidan davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va muvaffaqiyat tiladi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Turli darajalardagi aloqalar faollashgani, tovar ayirboshlash ortayotgani, gumanitar almashinuvlar jadallashgani alohida ta’kidlandi.
Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni, jumladan, hukumatlararo komissiyalar doirasida davom ettirishga kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter