Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston elchisi O‘zbekiston TIVga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi

Qozog‘iston elchisi O‘zbekiston TIVga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi

Foto: TIV matbuot xizmati

8-noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qozog‘istonning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Beybut Atamqulovni qabul qildi.

TIV xabariga ko‘ra,  uchrashuv elchining vazirga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirish marosimi bilan boshlandi. V.Norov B.Atamqulovni lavozimga kirishishi bilan tabriklab, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston–Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqildi.

Rejalashtirilgan tashriflar va qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, xususan, Qozog‘iston delegatsiyasining Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi hamda «Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo» o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasida ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.

O‘zaro tovar ayirboshlashning jadal o‘sib borayotgani qayd etilgani holda, uning hajmini yanada oshirish, sanoat, energetika, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish istagi bildirildi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish lozimligi alohida ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, joriy yil noyabr oyida o‘tkaziladigan «Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati kunlari»ga tayyorgarlik muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Beybut Atamqulov joriy yil 31 oktyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning farmoni bilan O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchi etib tayinlandi.

58 yoshli B.Atamqulov uzoq yillar diplomat sifatida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. So‘nggi vaqtlarda esa Qozog‘iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri lavozimida ishlagan.

Avval xabar berganimizdek, 5 noyabr kuni prezident Q.To‘qayev yangi elchi B.Atamqulovni qabul qilgan va O‘zbekiston bilan ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish yuzasidan topshiriqlar bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring