Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston diplomati O‘zbekistonning ShHTdagi raisligini baholadi

Qozog‘iston diplomati O‘zbekistonning ShHTdagi raisligini baholadi

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Jasulan Iskakov «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda Shanxay hamkorlik tashkilotining joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda o‘tadigan sammitini tarixiy tadbir deb atadi. Diplomat O‘zbekistonning xalqaro tashkilotdagi raisligiga ham munosabat bildirdi.

«O‘zbekiston raisligida o‘tkazilgan 80 dan ziyod tadbirlarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo sakkiz davlat vakillari mintaqaviy va global tahdid hamda dolzarb muammolarga jamoaviy yechim topish borasida yaqindan fikr almashdilar. Tarixiy jihatdan nisbatan qisqa muddatda ShHT dunyo miqyosida yuqori nufuz orttirdi va xalqaro munosabatlar arxitekturasida munosib o‘rin topdi. Toshkent tashkilot doirasidagi tashabbuslari bilan «ShHT jarayonlari»ning faol ishtirokchisiga, ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini harakatlantiruvchi kuchga aylandi. Ishonch bilan aytamanki, O‘zbekiston ShHTdagi raisligini sharqona mehmondo‘stlik bilan munosib o‘tkazdi», – deydi Qozog‘istonning mamlakatimizdagi muvaqqat ishlar vakili.

ShHT ilk ta’sis etilgan paytdanoq a’zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va ahil qo‘shnichilikka asoslangan hamkorlikni mustahkamlash, siyosat, xavfsizlik va madaniy-gumanitar jabhalarda robitalarni kuchaytirish ustuvor vazifalar deya belgilangan edi.

«ShHT faoliyati davomida siyosat va xavfsizlik jabhasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Mudofaa vazirliklari, huquq-tartibot idoralari, sud hokimiyati organlari yo‘nalishida uchrashuvlar mexanizmi yaratildi. Bu jabhada a’zo davlatlar mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan o‘zaro maslahatlashib, sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirmoqda, bir-biriga yaqindan ko‘mak bermoqda», – deydi diplomat J.Iskakov.

ShHT kuzatuvchi davlatlarni ham qo‘shganda Atlantikadan Tinch okeaniga qadar, Shimoliy muz okeanidan Hind ummoniga qadar ulkan hududga yoyilgan. Yevroosiyo materigining 61 foizini egallagan xalqaro makonda 3 milliarddan ziyod aholi yashamoqda.

2021-yilda ShHTning YaIM Eronni ham qo‘shganda 23,5 trillion dollarni (dunyo YaIMning 24 foizi) tashkil qildi. Tranzit-transport imkoniyatlari oshishi bilan bu raqam yanada o‘sishi kutilmoqda.

So‘nggi yillarda ShHTning xalqaro tashkilotlar bilan aloqalari mustahkamlandi. MDH, KXShT, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN), Jahon sayyohlik tashkiloti va BMTning turli tuzilmalari bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Ko‘plab davlatlar unga a’zo bo‘lish istagini bildirmoqda.

Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi muvaqqat rahbari J.Iskakovning ta’kidlashicha, transport, infrastruktura, energetika, qishloq xo‘jaligi, yashil iqtisodiyot, raqamli transformatsiya kabi sohalar hamkorliknng istiqbolli  yo‘nalishlari sanaladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Pokiston ShHTning teng huquqlari a’zolaridir. Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi, Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka muloqot bo‘yicha hamkor maqomiga ega.

Sanoqli kunlardan keyin bo‘lib o‘tadigan Samarqand sammitida Eronning ShHTga to‘liq a’zo bo‘lishiga yo‘l ochadigan memorandum imzolanishi, shuningdek, bir necha davlatga muloqot bo‘yicha hamkor maqomi berilishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring