Qaysi davlatlarning rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z bilan tabrikladi?
Navro‘z bayrami munosabati bilan sayyoramizning bir qancha mamlakatlari rahbarlari, davlat va din arboblaridan Shavkat Mirziyoyev nomiga tabriknomalar keldi. Ushbu tabriknomalar «Axborot» informatsion dasturida o‘qib eshittirildi, ularning matni O‘zAda e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Navro‘z bayrami arafasida Xitoy hukumati va xalqi nomidan, shaxsan o‘z nomimdan Sizni va butun O‘zbekiston xalqini ushbu bayram bilan muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
So‘nggi yillarda Xitoy – O‘zbekiston munosabatlari yangi strategik darajaga ko‘tarildi, bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik rishtalariga yangi hayotiy kuch bag‘ishladi. "Bir makon – bir yo‘l" qo‘shma loyihasi doirasidagi ikki tomonlama hamkorlik izchil taraqqiy etmoqda, xalqaro va mintaqaviy masalalardagi o‘zaro aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanishi xalqlarimiz uchun foydali bo‘lmoqda. Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishim va Siz bilan do‘stlikni yuksak qadrlashimni yana bir bor ta’kidlashga ijozat bergaysiz.
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident, aziz qardoshim!
O‘lkalarimiz o‘rtasidagi qadim do‘stlik, qardoshlik, birdamlik va hamkorlikni o‘zida mujassam etib, kelajak avlodlarga yetkazgan Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini hamda do‘st va qardosh o‘zbek xalqini turk xalqi va shaxsan o‘z nomimdan eng samimiy tilaklarim ila tabriklayman.
Hurmat bilan,
Rajab Toyyib Erdog‘an,
Turkiya Respublikasi Prezidenti* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Uyg‘onish, yasharish va yangilanish fasli – Navro‘z ayyomi munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va mushtarak ma’naviy qadriyatlarga asoslangan ko‘p tomonlama munosabatlar xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida yanada jadal rivojlanishiga ishonchim komil.
Hurmat bilan,
Nursulton Nazarboyev,
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Qirg‘iziston xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Sizni hamda Sizning timsolingizda butun O‘zbekiston xalqini bahor ayyomi – Navro‘z bilan samimiy muborakbod etaman.
Navro‘zni nishonlash xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va anglashuv tamoyillariga asoslangan munosabatlar xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida bundan buyon ham rivojlanib borishiga ishonch bildirishga ijozat bergaysiz.
Ehtirom ila,
Sooranbay Jeenbekov,
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni va birodar O‘zbekiston xalqini bahor va uyg‘onish ayyomi – xalqaro Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Umid qilamanki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari bundan buyon ham Navro‘zning hayotbaxsh g‘oyalaridan ilhomlanib, izchil taraqqiy etib boradi.
Hurmat bilan,
Imomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Qadrli birodarim!
Xalqaro Navro‘z ayyomi munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarimni izhor etish, farovonlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.
Bir necha ming yillik tarixga ega Navro‘z bayrami mehmondo‘stlik, yaxshi qo‘shnilik an’analari bardavomligi va ulug‘ insoniylik tamoyillarini mujassam etgan xalqlarimizning ma’naviy va madaniy boyligi hisoblanadi.
Chuqur hurmat ila,
Gurbanguli Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
O‘zim va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizni va O‘zbekiston xalqini milliy va madaniy-ma’rifiy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami bilan samimiy qutlayman.
Xalqlarimiz irodasi bilan biz bundan buyon ham Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini birgalikda mustahkamlab borishimizga ishonch bildirishga ijozat bergaysiz.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Xalqaro Navro‘z bayrami kirib kelishi munosabati bilan Afg‘oniston xalqi nomidan Siz, Janobi Oliylari va birodar O‘zbekiston xalqiga o‘zimning eng samimiy tabriklarimni izhor etaman.
Mushtarak bayramimiz bilan yana bir bor muborakbod etgan holda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik va aloqalarning kengayishiga ishonch bildiraman.
Muhammad Ashraf G‘ani,
Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti
* * *
Xabarda aytilishicha, yuqoridagilardan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud, Saudiya Arabistoni Podshohligi voris shahzodasi, Bosh vazirining o‘rinbosari, mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon Ol Saud, Indoneziya Prezidenti Joko Vadodo, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Muhammad ibn Roshid Ol Maktum, Afg‘oniston ijro hukumati rahbari Abdulla Abdulla, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Ollohshukur Poshshozoda tabrik yo‘lladi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga Navro‘z munosabati bilan samimiy tabriklar kelishi davom etmoqda», deya ma’lum qilinadi O‘zAning xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter