Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlar Aliyev va To‘qayev uchrashuvi: uch muhim jihat ochiqlandi

Prezidentlar Aliyev va To‘qayev uchrashuvi: uch muhim jihat ochiqlandi

24-avgust kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ozarbayjonga tashrif buyurdi. Bu – Qozog‘iston yetakchisining Bokuga prezident sifatidagi ilk rasmiy tashrifidir.

Axborot agentliklari xabariga ko‘ra, ikki davlat rahbari – Ilhom Aliyev hamda Qosim-Jo‘mart To‘qayev yakkama-yakka va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlar yakunida bir qator muhim hujjatlar, jumladan, Qozog‘iston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida strategik munosabatlarni mustahkamlash va ittifoqchilik hamkorligini chuqurlashtirish to‘g‘risida deklaratsiya hamda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan dastur qabul qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasida energetika, transport, agrosanoat majmui, biznes tuzilmalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash borasida katta salohiyat mavjud. Tahlilchilar rasmiy Boku hamda Nursulton munosabatlaridagi uch muhim jihatga e’tibor qaratmoqda.

Birinchidan, hozirgi geosiyosiy va geoiqtisodiy voqelik Ozarbayjon va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama kuchaytirishni talab qilmoqda. Bu boradagi asosiy yo‘nalishlardan biri transport sohasidir. Qozog‘iston Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagidan (O‘rta yo‘lak) faol foydalanish istagini bildirgan. Yevroosiyo, Janubi-Sharqiy Osiyoni Qozog‘iston, Kaspiy havzasi, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya orqali Yevropa Ittifoqi bilan bog‘laydigan mazkur xalqaro yo‘lning ahamiyati oshib boryapti. Joriy yilning 7 oyi davomida Boku xalqaro dengiz porti orqali Qozog‘istondan yuk tashish hajmi qariyb 1 million tonnani tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,2 barobarga oshdi. Demak, Ozarbayjonda Qozog‘istondan yuk tashish hajmini oshirish uchun qulay transport infratuzilmasi mavjud.

Ayni chog‘da, Boku–Tbilisi–Kars temiryo‘li vositasida Xitoydan mahsulotlarni Qozog‘iston orqali 12 kunda keltirish mumkin. Bu borada esa Qozog‘istonning tranzit salohiyati qo‘l keladi.

Ikkinchidan, energetika sohasidagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri sanaladi. Qozog‘iston neft eksportida muayyan qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda va neft qazib olishni ko‘paytirish rejalarini hisobga olgan holda yangi yo‘nalishlarni izlayotir. Ozarbayjon bu borada maqbul yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin. Qolaversa, energiya manbalariga boy ikki davlat neft va gaz uskunalarini ishlab chiqarish, konlarga xizmat ko‘rsatishda ham faol hamkorlik qilishi manfaatlidir.

Uchinchidan, hozir BMT nizomi va rezolyusiyalariga muvofiq hududiy yaxlitlik va suverenitetni saqlash kun tartibiga chiqmoqda. Iqtisodiy, savdo-sarmoyaviy, madaniy yo‘nalishdagi aloqalarning ahamiyatini kamsitmagan holda, hududiy yaxlitlik va suverenitet rasmiy Boku uchun ham, Nursulton uchun ham ustuvor ahamiyatga ega masala ekanini qayd etish joiz. Sirasini aytganda, Kaspiy dengizining g‘arbiy va sharqiy sohilida joylashgan ikki turkiy mamlakat jug‘rofiy, geosiyosiy, iqtisodiy va madaniy omillarga ko‘ra hamkorlikni kuchaytirishi maqsadga muvofiqdir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring