Prezident sayloviga tayyorgarlik bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi
Bugun, 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev olib bordi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi va Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qator nizomlari loyihalari muhokama qilindi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi batafsil muhokama qilindi va tasdiqlandi.
«Dasturdan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tajak Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasida qadamba-qadam amalga oshiriladigan ishlar o‘zining batafsil ifodasini topgan. Bajariladigan vaziflarning ijro muddati va mas’ul ijrochilari aniq ko‘rsatilgan», deyiladi xabarda.
Asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, ushbu jarayonda axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylovga tayyorgarlik jarayonini koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olgan holda o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibini belgilab beruvchi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartibi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibiga doir nizomlar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan endi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari saylovi ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter