Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident o‘lim jazosi haqida fikr bildirdi

Prezident o‘lim jazosi haqida fikr bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha kelib tushgan takliflar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Davlat rahbari o‘z nutqi davomida o‘lim jazosini taqiqlash to‘g‘risidagi normani konstitutsiyaga kiritish taklifini bildirdi.

«Muqaddas dinimizda ham, buyuk allomalarimiz boy ilmiy va ma’naviy merosida ham, inson – hayot gavhari, tengsiz mo‘’jiza sifatida ulug‘lanadi. Muqaddas Qur’oni karimda Alloh insonni barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram qilib yaratgani ta’kidlangan. Ulug‘ bobomiz Mir Alisher Navoiy ham insonni qiynayotgan muammolar to‘g‘ri hal etilib, uning qadri joyiga qo‘yilsa, albatta «el shod, mamlakat obod bo‘ladi», deb yozganlar», — dedi Shavkat Mirziyoyev o‘z taklifini asoslar ekan.

Shuningdek, davlat rahbari inson munosib sharoitda ta’lim-tarbiya olib, farovon hayot kechirgan taqdirdagina, jamiyat va davlat uyg‘unlikda barqaror rivojlanishini ta’kidlab o‘tdi.

«Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda, eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim.
Biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun «Inson qadri va xalq manfaati, hamma narsadan ustundir! Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ushbu tamoyillar aniq ifoda etilishi, o‘zining mukammal huquqiy yechimini topishi zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari o‘z nutqi davomida o‘lim jazosi tayinlanadigan jinoyatlar sonini bosqichma-bosqich kamaytirilib, bu jazo to‘liq bekor qilinganini ta’kidlar ekan, ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilayotganini aytib o‘tdi.

«Vaholanki, demokratik va insonparvar g‘oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko‘targan dunyodagi aksariyat davlatlarda o‘lim jazosi bekor qilingan. Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan. Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga «O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi», degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari o‘z nutqida ushbu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligimizni, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq qolishimizni alohida ta’kidlab o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring