Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Xaitov xalq ichida yurib saylovchilar bilan muloqot qildi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Xaitov  xalq ichida yurib saylovchilar bilan muloqot qildi

Foto:«O‘zLiDeP»

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari A.Xaitov xalq bilan muloqot qilish, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlarini o‘rganish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga bordi.

Partiya yetakchisi viloyatdagi uchrashuvini Shahrisabz kasb-hunarga o‘qitish markazidan boshlab, ushbu markazda tikuvchilik, komp’yuter savodxonligi, chilangarlik, ip yigiruv yo‘nalishlarida tahsil olayotgan xotin-qizlar bilan muloqot qildi. Prezidentimizning parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

Foto:«O‘zLiDeP»

“Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan bu galgi Murojaatnomasi tom ma’noda mamlakatimizni yanada yuksaltirish, taraqqiyotini ta’minlashga qaratildi. Nega desangiz Murojaatnomada ta’lim-tarbiyani zamon talablari darajasiga ko‘tarish zaruratidan aholi turmush darajasini yuksaltirishgacha aniq vazifalar belgilandi. Ayniqsa, oliy ta’lim qamrovini oshirish, davlat grantlarini ikki barovarga ko‘paytirish, qizlarimiz uchun alohida grantlar ajratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Boisi ma’naviy yuksalishsiz, ta’lim va tarbiyaga e’tiborsiz chinakam rivojlanishga erishish qiyin”, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Xaitov.

Shu kuni O‘zLiDeP rahbari Shahrisabz madaniyat saroyida ham bo‘lib, hunarmand, tadbirkor va ishbilarmon ayollar tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, tadbirkorlik bo‘yicha ish boshlash arafasida turgan opa-singillarimizga biznesni tashkil etish, hujjat yuritish, soliq imtiyozlari, kredit olish yuzasidan zarur tavsiyalar, mashalatlar berdi.

O‘z xonadonida issiqxona qurib, pomidor, bodring, ko‘kat va boshqa poliz mahsulotlari yetishtirib, yiliga ikki-uch marta hosil olish harakatida yurib, lekin yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan aholi vakillariga O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi hamda Fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi hamkorligida chop etilgan “Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, yopiq va ochiq maydonlarda mahsulot yetishtirish” nomli kitoblar to‘plamini taqdim etdi.

“Uchrashuv men uchun juda foydali bo‘ldi. Boisi ko‘pdan buyon issiqxona barpo etib, limon yetishtirish niyatida yurgan edim. Lekin bir sotix limonzor yaratishga qancha mablag‘, harajat ketishini bilmaganim sababli biznesni boshlashga biroz cho‘chiyotgan edim. Bugungi muloqot esa biz uchun katta mahorat darsi bo‘ldi. Deputatimiz taqdim etgan ushbu kitob tadbirkorlik faoliyatimizni boshlashda juda asqotadi”, – deydi shahrisabzlik Zulayxo Rahimova.

O‘zaro ochiq, samimiy va jonli kechgan uchrashuvda xotin-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob olishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring