Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga prezident Erdo‘g‘onning tashrifi kutilmoqda – Turkiya elchisi

O‘zbekistonga prezident Erdo‘g‘onning tashrifi kutilmoqda – Turkiya elchisi

Turkiya elchisi Olgan Bekar hamda matbuot bo‘yicha maslahatchi Hamdi Turshuju.

Foto: «Xabar.uz»

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Bu haqda Turkiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar ikki qardosh davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Prezident Erdo‘g‘on O‘zbekiston–Turkiya oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida qatnashadi. Elchiga ko‘ra, tashrifning aniq sanasi tegishli kelishuvlardan keyin ma’lum qilinadi.

26 fevral kuni prezidentlar Shavkat Mirziyoyev hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘rtasidagi telefon orqali muloqotda ham turli dolzarb masalalar qatorida Toshkentda o‘tkaziladigan strategik hamkorlik bo‘yicha oliy darajadagi kengashning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ham muhokama etilgan edi.

Turkiya elchisi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan anjumanda o‘tgan yillar davomida qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik strategik darajaga ko‘tarilganini  mamnuniyat ila qayd etdi.

«Turkiya va O‘zbekiston rishtalari 15-20 yil emas, balki ko‘p asrlik mustahkam tarixga ega.  Onado‘li va O‘rta Osiyo tarixan bir-biriga bog‘liq bo‘lgan. Til, madaniyat, tarix, e’tiqodi mushtarak ikki xalqni bir og‘ochning ikki shoxi deb atash mumkin. Biz O‘zbekistonni e’zozlab-ardoqlab ota yurtimiz deb ataymiz. Bu yuksak mezon hamkorlikning barcha jabhalarida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi», – dedi elchi Olgan Bekar.

Diplomat O‘zbekiston barcha turkiy xalqlar qalbida hamisha alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

«Mushtarak tamaddunimiz unib, ildiz otgan ota yurtimiz – O‘zbekiston har bir turkiy insonning qalbida hamisha alohida o‘rin tutgan. Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Beruniy, Ibn Sino kabi bashariyatning ilmu irfon ufqini yuksaklarga ko‘targan allomalar; Imom al-Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom at-Termiziy, Bahouddin Naqshbandiy singari asrlar davomida mo‘minlarga yo‘l ko‘rsatgan ulamolar; Alisher Navoiy, Mahmud Koshg‘ariy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi tilimizni oliy maqomga erishtirgan buyuk qalam ahillari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mushtarak qadriyatlarning faqat bir ulushi, xolos», – dedi O.Bekar.

Qayd etilishicha, garchi ikki xalq tarix silsilasida turli tajribalarni boshidan kechirgan bo‘lsa-da, qardoshlik rishtalari azaliy va adabiydir.

«Turkiya prezidenti devonining emblemasida tarixdagi buyuk turkiy imperiyalarining timsoli bo‘lgan 16 yulduzdan ikkitasi Temuriylar va Boburiylar davlatlarini aks ettiradi. O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva singari shaharlari biz uchun ham ajdodlarimizni eslatib turuvchi muqaddas makonlardir. Biz 1920-1922 yillarda olib borgan mustaqillik urushida o‘zbek birodarlarimiz tomonidan ko‘rsatilgan moddiy va ma’naviy yordamlarni hali-xanuz unutganimiz yo‘q», – dedi elchi O.Bekar.

Qayd etilishicha, siyosat, iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xavfsizlik, madaniyat, yoshlar, ta’lim, matbuot va insoniy munosabatlar kabi sohalardagi munosabatlar izchil rivojlanmoqda.

«O‘tgan 30 yil davomida to‘plagan tajribamiz va saboqlarimiz tufayli biz qo‘shma qarorlarni tezda qabul qilish imkonini beruvchi mushtarak istiqbolga egamiz. A’lo darajada va jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan aloqalarimizning prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning yaqinda O‘zbekistonga amalga oshiradigan tashrifi bilan yangi bosqichga ko‘tarilishiga shubhamiz yo‘q», – deb xulosa qiladi Turkiya elchisi.

Ma’lumotlarga ko‘ra,  2021 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 72 foizga o‘sib 3,6 milliard dollarga yetdi. Yil davomida Turkiyaning mamlakatimizga eksporti 1 milliard 845 million dollarni, importi esa 1 milliard 800 million dollarni tashkil etdi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazishni ko‘zlamoqda. Shu maqsadda mamlakatlar o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Elektron tijorat sohasidagi bitim yuzasidan kelishuv jarayoni ketmoqda.

O‘zbekiston statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda mamlakatimizda xorijiy kapital ishtirokidagi yangi kompaniyalar soni bo‘yicha Turkiya birinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan yillar davomida bu borada Xitoy yetakchilik qilayotgan edi. 2021 yilda turk sarmoyasi asosida 407 korxona ta’sis etildi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. 1992 yil 4 mart sanasida ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. 1996 yil 8 mayda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida «Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida»gi shartnoma imzolangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring