Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqi rahbariyati tashrif buyuradi

O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqi rahbariyati tashrif buyuradi

Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi rahbarlari O‘zbekistonga ilk bor birgalikda tashrif buyuradi.

Foto: AFP

Joriy yil 3-4-aprel kunlari Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu kunlari mamlakatimizda prezident Shavkat Mirziyoyev mezbonligida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilk sammiti bo‘lib o‘tadi. Oliy darajadagi mashvaratda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ham qatnashadi.

Mazkur sammit YeI uchun Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish borasidagi geosiyosiy manfaatlarini namoyish etish uchun muhim imkoniyat deb baholanmoqda. Geosiyosiy vaziyat o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda, xususan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi va Afg‘onistondagi o‘zgarishlar sharoitida ikki mintaqa o‘rtasidagi munosabatlar strategik jihatdan yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Biz tartibsizlik va bo‘linish kuchaygan dunyoda yashayapmiz. Yevropa Ittifoqi uchun yagona to‘g‘ri yo‘l – mustahkam hamkorliklar o‘rnatish orqali tinchlik va farovonlikni ta’minlashdir. Ko‘p qutbli dunyo sharoitida yanada faol va yo‘naltirilgan hamkorlik zarur. Birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti xalqaro huquqni to‘liq hurmat qilgan holda, tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan qat’iy niyatimizni tasdiqlaydi”, – deydi Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshta.

Sammit davomida YeI transport, raqamli o‘zaro bog‘liqlik, strategik xomashyo, iqtisodiyot, xavfsizlik, energetika kabi o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish majburiyatini tasdiqlashi kutilmoqda.

So‘nggi yillarda ikki mintaqa o‘rtasida yuqori darajadagi munosabatlar faollashdi.

2022-yil 27-oktyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi yetakchilari uchrashuvi yakunida xavfsizlik, demokratik qadriyatlar, qonun ustuvorligi va xalqaro huquq me’yorlariga hurmat ko‘rsatgan holda barqaror taraqqiyot yo‘lida hamkorlikka sodiqlik izhor etildi.

2023-yil 2-iyun kuni Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilari ikkinchi bor Qirg‘izistonda uchrashib, keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar.

O‘tgan davr mobaynida vazirlik darajasidagi bir qator muhokamalar ham o‘tkazildi. Masalan, 2023-yil 23-oktyabr kuni Lyuksemburgda 19-vazirlar yig‘ilishida o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasi belgilandi.

Mintaqalararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan aniq harakat yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan yo‘l xaritasiga sammit o‘tkazish rejasi ham kiritilgan.

Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasidagi 20-vazirlar uchrashuvi 2025-yil 4-mart kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadi. U ushbu sammitga tayyorgarlik muhokamasiga bag‘ishlanadi.

2019-yilda YeI Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyani qabul qildi. Bu strategiya mintaqaning Bryussel manfaatlari uchun ortib borayotgan strategik ahamiyatini ta’kidlaydi hamda yillar davomida mintaqaviy hamkorlikda erishilgan ijobiy yutuqlarga asoslanadi. Yangilangan strategiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishni maqsad qilgan. Bu esa mintaqaning barqaror, farovon va bir-biri bilan yanada yaqin iqtisodiy va siyosiy makonga aylanishiga xizmat qiladi.

Tahlillarga ko‘ra, YeI mintaqaning ikkinchi yirik savdo hamkori bo‘lib, eng yirik investorga ham aylangan. Markaziy Osiyoga kiritilgan investitsiyalarning 40 foizdan ortig‘i YeI hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun YeI Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimlari bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Hozirga kelib, bu bitimlar borasida Turkmanistondan tashqari to‘rt davlat bilan kelishuvga erishilgan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring