O‘zbekiston — Misr: hamkorlikka doir o‘n ikkita hujjat imzolandi
Ko‘ksaroyda o‘tgan muzokaralar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.
Har ikki mamlakat hukumat va vazirliklari o‘rtasida sayohlik, investitsiya, soliq, adliya, qishloq xo‘jaligi, madaniy meros va sport sohalari, tashqi ishlar va yoshlar masalalari bo‘yicha 12 ta hujjat imzolandi.
O‘zbekiston va Misr davlat rahbarlari o‘tkazilgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlardan mamnunligini, ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqich boshlanganini ta’kidlashdi.
«Abdulfattoh as-Sisi janoblarining O‘zbekistonga birinchi rasmiy tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ochiq, do‘stona va amaliy ruhda o‘tgan muzokaralarimiz barcha masalalar yuzasidan yondashuv va qarashlarimiz o‘xshashligini ko‘rsatdi. Ishonchim komilki, bugungi kelishuvlar O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasidagi munosabatlarni sifat va mohiyat jihatidan boyitib, o‘zaro manfaatli hamkorligimizni yangi, yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Misr Prezidenti O‘zbekiston bilan hamkorlikning barcha sohalari bo‘yicha kelishib olganini, bu kelishuvlar kelgusi tashriflarga debocha va ulkan natijalarga poydevor bo‘lishini ta’kidladi.
Abdulfattoh as-Sisining mamlakatimizga rasmiy tashrifi bugun yakunlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter