O‘zbekiston Rossiyaga qarshi ovoz bermagani sababi aytildi (video)
O‘zbekistonning Birlashgan millatlar tashkilotidagi doimiy vakili Baxtiyor Ibrohimov BMT bosh assambleyasining 11-favqulodda maxsus sessiyasida chiqish qilib, Rossiyaning BMT inson huquqlari kengashidan chiqarilishiga qarshi ovoz berganini rasman izohlagan.
«O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning BMT inson huquqlari kengashi a’zoligidan chiqarilishiga qarshi ovoz berdi. Biz Kengash davlatlaridan birining a’zoligini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror qonunbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan tomonning tekshiruv natijalariga asoslanishiga umid qilamiz», degan Ibrohimov o‘z nutqida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatda betaraf pozitsiyada turishda davom etadi va ikki mamlakat o‘rtasidagi nizo siyosiy-diplomatik yo‘llar orqali yechim topishiga umid qiladi.
Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh assambleyasi 7 aprel kuni Rossiyaning Inson huquqlari kengashiga a’zoligi to‘xtatilishi haqidagi rezolyusiyani qabul qilgan. Unga 93 ta davlat rozilik bildirgan, 24 tasi (shu jumladan, O‘zbekiston ham) qarshi chiqqan, 58 tasi betaraf qolgan.
Mart oyida esa xorijda davolanayotgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olib, Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmasligini bildirgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter