O‘zbekiston — Misr: keng doiradagi muzokaralarda qanday kelishuvlarga erishildi?
O‘zbekiston va Misr Prezidentlarining keng doiradagi muzokaralarida savdo-sotiq va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, shu maqsadda mamlakatlarimiz imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish masalalari muhokama markazida bo‘ldi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha katta imkoniyat va zahiralar borligini ta’kidladi. O‘zaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar va xizmatlar eksportini kengaytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.
O‘zbekiston Misr bozorida talab yuqori bo‘lgan elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlarni eksport qilishga tayyorligini bildirdi.
Misr O‘zbekistonga dori-darmon, tibbiyot jihozlari, mebellar, neft-kimyo mahsulotlari, marmar, teri va plastik mahsulotlari yetkazib berish hamda xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini taklif qildi.
Bu boradagi loyihalar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya ishini faollashtirish, O‘zbekiston – Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etishga kelishib olindi. Eksport qilishda transport xarajatlarini kamaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Misr turizm sohasida katta salohiyat va tajribaga ega mamlakat. Bugungi kunda O‘zbekistonda ham ushbu tarmoq jadal rivojlanmoqda. Muzokaralarda bu sohadagi aloqalarni kengaytirish, O‘zbekistondagi qadimiy shaharlar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun Misrdan keladigan sayyohlarni ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi. Toshkent, Qohira va Xurgada o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik bo‘yicha ham ijobiy natijalarga erishildi. Misrning Al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida faol hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.
Muzokaralarda, shuningdek, qishloq xo‘jalagi, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter