Oila kodeksi: er-xotinni yarashtirish bo‘yicha yangi normalar
2017-yil 20-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-fevraldagi «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2017-yilning 1-iyulidan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tizimi joriy etildi. Shundan kelib chiqib, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Mehnat kodeksiga, Uy-joy kodeksiga, shuningdek, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimi nomlariga tegishli bo‘lgan o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi tegishli normalar bilan to‘ldirilmoqda. Ular nikohni bekor qilish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan. Jumladan, ushbu qo‘shimchalarga muvofiq sud (Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari) er-xotinga yarashish uchun (ariza topshirilgan kundan boshlab) muhlat tayinlab, ishning ko‘rilishini keyinga qoldirgan taqdirda, er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo‘lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini er-xotinni yarashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi kerak. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Voyaga yetmagan bolalarning, shuningdek, mehnatga layoqatsiz va muhtoj ota-onalarning moddiy ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatilishiga va qarzdorning aliment majburiyatlari bo‘yicha to‘lov qobiliyatining yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Jinoyat kodeksidan jarima tarzidagi sanksiya chiqarib tashlanmoqda. Bundan tashqari, alimentlar to‘lanishini ta’minlash maqsadida Jinoyat kodeksi shaxs moddiy zararni qoplagan taqdirda, uni javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risidagi qoidalar bilan to‘ldirilmoqda.
Oila kodeksiga qo‘shilgan normaga muvofiq voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan, ko‘chmas yoki ko‘char mulk tarzida yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkin.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter