Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Og‘zimizni yopishga urinishyapti»: Komil Allamjonov matbuot erkinligi haqida gapirdi

«Og‘zimizni yopishga urinishyapti»: Komil Allamjonov matbuot erkinligi haqida gapirdi

Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov xalqaro tashkilotlar rahbarlari, huquq himoyachilari, Yevropa va Osiyo davlatlari elchilari ishtirokida Jenevada bo‘lib o‘tgan tadbirda o‘zbek matbuotining kechasi, buguni va ertangi kuni qanday bo‘lishi kerakligi haqida gapirgan.

O‘z nutqida Allamjonov birinchi prezident Islom Karimov (1991-2016) va hozirgi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev (2016-2022) davrlarini solishtirgan. Uning aytishicha, dastlab matbuot paydo bo‘lgan, keyin esa «o‘lgan».

«Dastlab matbuot paydo bo‘ldi, keyin esa, oddiy qilib aytganda, o‘ldi. Shu darajada o‘lik holga keldiki, jurnalistika universitetini tamomlagan jurnalistlar ishlash uchun bozorga, savdoga yoki butunlay boshqa sohalarga o‘tib ketishdi. Radio va televideniye faqat bitta odamni madh etardi, faqat bitta odamni gapirardi», degan Allamjonov.

Uning aytishicha, yaqingacha O‘zbekistondagi 98 foiz gazetalar majburiy obuna hisobiga yashagan, zerikarli bo‘lgani uchun ularni hech kim o‘qimagan. Matbuotda biror vazirning chiqishi mumkin bo‘lmagan, ruxsatsiz chiqsa jazolangan. Allamjonovning xulosa qilishicha, senzura juda kuchli bo‘lgan.

«Inson huquqlari shu darajada pastligidan paxtaning qadri insonnikidan baland edi. Ta’lim inqirozga uchradi, oqibatda bir avlod bilimsiz bo‘lib qoldi. Lekin xalqaro tashkilotlar ko‘z o‘ngida biz o‘zimizni demokratik davlat sifatida namoyon qildik. Turli tashkilotlarga a’zo bo‘ldik, lekin bularning hammasi qog‘ozda edi», deya davom etgan u.

Uning ta’kidlashicha, 2016 yil Shavkat Mirziyoyev saylangach, jurnalistlarni o‘ziga do‘st deb bilgan. Avvaliga ko‘pchilik ishonmagan, lekin vaqt o‘tgani sayin o‘z ko‘zlari bilan ko‘ra boshlagan. Shuningdek, Allamjonov ishni bloklangan xorijiy saytlarni ochib yuborishdan boshlaganini aytgan. Keyin esa barcha davlat tashkilotlarida matbuot xizmatlari tashkil etilgani ta’kidlangan.

«Avvaliga xatolar qildik. Matbuot bilan ishlashni bilmaydigan ayrim amaldorlar sharmanda ham bo‘ldi. Tajribasiz jurnalist va blogerlar ko‘zga tashlandi. Bizning fondimiz ko‘proq jurnalistlar himoyachisi vazifasini bajardi. Fondimiz qilgan eng katta ishlardan biri — tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosini bekor etish bo‘yicha qonunga o‘zgartirish kiritishga erishdik. Fondimizning asosiy shiori ham shu — jurnalist gapirgan gapi uchun qamalishi kerak emas», degan Allamjonov.

«Albatta, muammolar bor, bizning og‘zimizni yopishga urinayotgan kuchlar bor. Lekin biz inson qadri, erkinlik nima ekanini yaxshi his qilyapmiz va bu erkinlikni yo‘qotmaslik uchun kurashamiz, harakat qilamiz», degan Komil Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi rahbariyati BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet bilan uchrashib, xorijning zo‘ravonlikka asoslangan targ‘ibotlaridan himoyalanish uchun muhim kelishuvga erishgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring