Netanyaxu Putin bilan Suriya borasidagi munosabatlarni kuchaytirmoqchi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu dushanba kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Suriya bo‘yicha ikki mamlakat qurolli kuchlarini muvofiqlashtirishni kuchaytirishni muhokama qilishni rejalashtirgan. Bu haqda u yakshanba kuni yahudiy davlati hukumatining hafta yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
«Ertaga men Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashaman. U bilan Yaqin Sharqdagi voqealar rivoji hamda ikki mamlakat armiyalarini muvofiqlashtirishni kuchaytirishni muhokama qilmoqchiman. Shuningdek, Isroil xavfsizligiga oid boshqa muhim masalalarni ham muhokama qilaman», — dedi Netanyaxu. Shuningdek, u Moskvadagi Yahudiy muzeyi va tolerantlik markazida «Sobibor: o‘limni yengganlar» ko‘rgazmasining ochilishida qatnashishini aytdi. Bosh vazirning bayonotini yakshanba kuni uning devoni tarqatdi.
Isroil Suriyadagi mojaroda taraflarning hech birini qo‘llab-quvvatlamasligini va qo‘shni arab mamlakatidagi vaziyatni tartibga solish borasidagi muzokaralarda qatnashmasligini ta’kidlab keladi.
Kreml matbuot xizmatining xabar berishicha, Putin 29-yanvar kuni mamlakatga qisqa muddatga keladigan Netanyaxu bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi. Ikki davlat rahbarlari Xalqaro xolokost qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimlarda ishtirok etadi, shuningdek, Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrining fashistlar qamalidan to‘liq ozod qilinganining 74 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ham qatnashadi.
2018 yilda fashistlarning «Sobibor» konslageridagi mahbuslar g‘alayonining 75 yilligi nishonlanadi. Ushbu g‘alayon Ikkinchi jahon urushi tarixida mahbuslar g‘alabaga erishgan yagona g‘alayon hisoblanadi. Netanyaxu safarining muhim qismi Moskvadagi Yahudiy muzeyi hamda tolerantlik markazida tashkillashtiriladigan «Sobibor: o‘limni yengganlar» ko‘rgazmasining ochilishiga to‘g‘ri keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter