«Afg‘oniston hukumati va «Tolibon»ni siyosiy muzokaralarga kirishishga chaqiramiz»
Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi Toshkent konferensiyasining deklaratsiyasi
O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
2018-yil 26—27-mart
Muqaddima
Biz, Toshkent konferensiyasi ishtirokchilari:
1) Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatilishi mintaqada barqarorlik va farovonlikni ta’minlash hamda ko‘p yillik zo‘ravonlik va afg‘on xalqining azob-uqubatlariga chek qo‘yishda salmoqli ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaymiz. Shu sababli, biz Afg‘oniston rahbariyati va ushbu mamlakat xalqining sa’y-harakatlari bilan terrorizm va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashish sohasidagi o‘zaro yaqin mintaqaviy hamkorlik orqali amalga oshiriladigan siyosiy tartibga solish, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik va sheriklik Afg‘oniston va butun mintaqada tinchlik va farovonlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etamiz;
2) Biz BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining, jumladan, 2018-yil 19-yanvar kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha majlisidan so‘ng Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasida shakllantirilgan yangi sheriklikka doir rezolyusiyalari va qarorlarini qo‘llab-quvvatlaymiz;
3) Afg‘onistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, shuningdek, milliy birdamligi, Afg‘oniston xalqi va hukumatining o‘z mamlakatida tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini hurmat qilamiz;
4) Afg‘oniston rahbariyati va ushbu mamlakat xalqining o‘z sa’y-harakatlari bilan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashabbuslar, jumladan, Afg‘oniston hukumati rahbarligidagi Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash va zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlariga rahbarlik qilishga qaratilgan bosh forum va vosita sifatida Kobul jarayonining muhimligini e’tirof etamiz;
5) Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoni va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini, ularning mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlaymiz;
6) Afg‘oniston rahbariyati va ushbu mamlakat halqining o‘z sa’y-harakatlari bilan tinchlik va yarashuv jarayonini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarning davomi sifatida Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Toshkent konferensiyasining muhim ahamiyatini alohida qayd etamiz.
Tinchlik va yarashuv
7) Milliy Birdamlik hukumatining toliblar bilan keng ko‘lamli tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha pirovard maqsad yo‘lida oldindan hech qanday shart qo‘ymaslik asosida «Tolibon» bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni boshlash haqidagi xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan taklifini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni ta’kidlaymiz hamda «Tolibon»ni Afg‘oniston rahbariyati va ushbu mamlakat xalqining o‘z sa’y-harakatlari bilan va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyusiyalariga muvofiq amalga oshirilayotgan tinchlik o‘rnatish jarayoniga doir ushbu taklifni qabul qilishga chaqiramiz;
8) Toliblar bilan munosabatlarni siyosiy yo‘l bilan hal etish Afg‘onistonda zo‘ravonlikka barham berishning eng maqbul yo‘li ekani, shuningdek, Afg‘oniston hukumati va «Tolibon»ning murosasoz vakillari o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini o‘tkazish zarurati mavjudligini qayd etamiz;
9) Afg‘oniston hukumatining «Tolibon» bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashimizni tasdiqlaymiz hamda Kobul jarayonini Afg‘oniston bo‘yicha boshqa mintaqaviy va xalqaro tinchlikparvar tashabbuslar bilan bir qatorda bosh forum va vosita sifatida e’tirof etamiz;
10) Toliblarni afg‘on xalqining azob-uqubatlariga chek qo‘yish uchun Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatishda ularning ham mas’uliyati borligini tan olishga hamda o‘zaro kelishilgan formatni ishga solgan holda va xalqaro hamjamiyatning to‘liq qo‘llab-quvvatlashi orqali Afg‘oniston hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralariga kirishishga tayyor ekanligini rasman e’lon qilishga chaqiramiz;
11) Afg‘oniston hukumati va «Tolibon»ni siyosiy muzokaralarga kirishishga chaqiramiz. Keng ko‘lamli tinchlik kelishuvidan barcha yutadi, hech kim yutqazmaydi. Ushbu kelishuv «Tolibon»ning siyosiy jarayonga legitim siyosiy ishtirokchi sifatida qo‘shilishini, «Tolibon»ning zo‘ravonlikdan voz kechishi hamda terrorchilik guruhlari va xalqaro terrorizm, jumladan, «Al-Qoida», IShID va boshqa transmilliy terrorchilik tarmoqlari (TTT) bilan aloqalarni uzishini, shuningdek, Afg‘oniston Konstitutsiyasi, jumladan, barcha afg‘onlarning teng huquqlari hurmat qilinishini kafolatlashi lozim;
12) Xotin-qizlarning afg‘on yarashuvi jarayoni, xavfsizlik, jamiyat va iqtisodiyotdagi to‘liq va salmoqli ishtirokining muhim ahamiyatini alohida ta’kidlaymiz hamda xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan halqaro sa’y-harakatlarni muttasil qo‘llab-quvvatlashimizni qayd etamiz, shuningdek, Afg‘onistonning xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlikka doir harakatlar Milliy rejasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashning tarafdori bo‘lib qolamiz;
13) Afg‘oniston hukumatini samarali rag‘batlantirish yo‘li bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va ilgari surish uchun hamda tinchlik jarayoniga qo‘shilishdan bosh tortayotgan hamda zo‘ravonlik, qon to‘kish va vahshiylik harakatlarini davom ettirayotgan, transmilliy terrorchilik tarmoqlariga ko‘maklashayotgan murosasiz elementlarga qarshi zarur chora-tadbirlar bilan kurashish uchun qulay sharoitlar yaratishda qo‘llab-quvvatlaymiz;
14) Barcha mamlakatlarni Afg‘oniston xavfsizligi, barqarorligi va farovonligini ta’minlash uchun uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga, uning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqiramiz;
15) Boshqa mamlakatlarga terrorchilik bilan tahdid solmaydigan hamda o‘z hududida xavfsiz muhitni yaratishda o‘z kuchiga to‘liq tayana oladigan tinch Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashimizni ta’kidlaymiz.
Terrorizm va narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish
16) Afg‘oniston xalqiga qarshi yaqinda sodir etilgan shafqatsiz tajovuzlarni qoralaymiz hamda u bilan mustahkam birdamligimizni bildiramiz, terrorizmning shakl va ko‘rinishlarini farqlamasdan ularning barchasini qoralaymiz, transmilliy terrorizm, narkotiklarning noqonuniy aylanishi va uyushgan jinoyatchilik o‘rtasidagi aloqadan Afg‘oniston, mintaqa va butun xalqaro hamjamiyat xavfsizligi va barqarorligiga jiddiy va umumiy tahdidlar mavjudligini e’tirof etamiz;
17) BMTning Global aksilterrorchilik strategiyasi va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyusiyalariga muvofiq barcha shakl va ko‘rinishlardagi terrorizmga barham berish bo‘yicha amaliy mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning muhimligini qayd etamiz;
18) Afg‘oniston hukumatining terrorizmni moliyalashtirishning asosiy manbai bo‘lgan narkotiklar, prekursorlar ishlab chiqarish va ularning noqonuniy aylanishiga, qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi kurashish maqsadida mintaqaviy va xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda faol amaliy sa’y-harakatlarining muhimligini qayd etamiz;
19) Terrorizm, narkotiklarning noqonuniy aylanishi va uyushgan jinoyatchilik o‘zaro bog‘liq global tahdid ekani hamda BMTning Global aksilterrorchilik strategiyasiga asoslangan yagona strategiyani ishlab chiqishni talab etayotganini e’tirof etamiz;
20) Afg‘onistonga xavfsizlik sohasidagi ko‘mak Afg‘oniston hukumati orqali taqdim etilishi lozimligini tasdiqlaymiz hamda Afg‘onistonni beqarorlashtirish va mojaroni uzaytirishga olib keluvchi «Tolibon» va IShIDga har qanday moliyaviy, moddiy ko‘mak yoki qurol-yarog‘ taqdim etilishiga qat’iy qarshimiz.
Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik
21) Mintaqada iqtisodiy hamkorlik borasida va Afg‘onistonni Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalar bilan bog‘lovchi tabiiy ko‘prik sifatida e’tirof etib, transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishda oxirgi paytlarda erishilgan muvaffaqiyatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Afg‘onistonning mintaqaga iqtisodiy integratsiyasi kelgusida ushbu mamlakatda va butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi;
22) Afg‘onistonni uning yaqin qo‘shnilari va mintaqa bilan bog‘laydigan savdo-tranzit, transport, energetika, infratuzilma va kommunikatsiya sohalaridagi mintaqaviy loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish butun mintaqa aholisiga sezilarli manfaat keltirishi, kun kechirish uchun zarur manbalarni yaxshilashi, tinchlikka ko‘maklashish hamda terrorizm va noqonuniy faoliyatga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan sa’y-harakatlarni mustahkamlashini qayd etamiz;
23) Avvalgi tashabbuslarning davomi sifatida tashkil etilgan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Toshkent konferensiyasi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoni, terrorizm va narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, mintaqada iqtisodiy hamkorlikka oid keng doiradagi masalalar bo‘yicha ochiq va har tomonlama muhokamalar uchun noyob imkoniyat taqdim etgani hamda o‘zaro maqbul qarorlar ishlab chiqishga rag‘bat berganini e’tirof etamiz;
24) O‘zbekiston hukumatiga an’anaviy mehmondo‘stlik va Toshkent shahrida yuqori darajadagi ushbu konferensiya yuksak darajada tashkil etilgani, shuningdek, tinchlik, xavfsizlik va mintaqaviy sheriklik masalalari bo‘yicha keng va mustahkam mintaqaviy va xalqaro konsensusni shakllantirishga qaratilgan qat’iy sa’y-harakatlari uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Ushbu deklaratsiya O‘zbekiston Respublikasining Toshkent shahrida Afg‘oniston, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Qatar, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, BAA, Buyuk Britaniya, AQSh, O‘zbekiston, YeI va BMT tomonidan qabul qilindi.
Manba: «Xalq so‘zi»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter