Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi qirg‘iz tiliga tarjima qilindi

Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi qirg‘iz tiliga tarjima qilindi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatnomasining to‘liq matni qirg‘iz tilida kitob shaklida chop etildi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

Kitob taqdimoti 2018-yil 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan «Qirg‘iziston-O‘zbekiston hamkorligi rivojlanishining yangi ufqlari» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya doirasida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, konferensiya ishida Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Dinara Kemelova boshchiligidagi TIV vakillari, Qirg‘iziston favqulodda va muxtor elchilari, TIV diplomatik akademiyasi, Strategik tadqiqotlar milliy instituti, «Manas» qirg‘iz-turk universiteti, Qirg‘iziston Milliy universiteti, Qirg‘iziston davlat universiteti, Qirg‘iziston xalqaro universiteti rahbarlari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirda videokonferensiya aloqasi orqali O‘sh davlat universiteti rahbariyati, o‘qituvchilari va Xalqaro aloqalar fakulteti talabalari faol ishtirok etdilar.

Konferensiya yakunlarini muhokama qilish chog‘ida Diplomatik akademiyaning «Xalqaro munosabatlar va huquq» kafedrasi professori, elchi Irina Orolbayeva ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Prezidenti murojaatnomasining matni qirg‘iz tilida chop etilishi Qirg‘iziston jamoatchiligiga qo‘shni mamlakatning muhim siyosiy hujjatini o‘z ona tilida o‘rganish imkonini beradi.

«Murojaatnomaning asosiy qismlarini diqqat bilan o‘rganib, men Qirg‘iziston va O‘zbekistonda rivojlanish uchun bir yo‘l mavjud degan xulosaga keldim, — dedi elchi. — Shavkat Mirziyoyevning ko‘pchilik takliflari Qirg‘iziston uchun ham juda dolzarb. Kitobni o‘qish juda ham qiziq».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring