Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyevdan galdagi muhim qaror: xususiy klinikalarga e’tibor kuchayadi

Mirziyoyevdan galdagi muhim qaror: xususiy klinikalarga e’tibor kuchayadi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 29-dekabr kuni «Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida e’lon qilindi.

Davlat tibbiyot muassasalarining ayrim funksiyalarini sog‘liqni saqlashning xususiy sektoriga o‘tkazish, mazkur sohada davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, shuningdek, respublikada va chet elda tibbiy kadrlarning malakasini oshirish, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash tizimini joriy etish masalalari dolzarbligicha qolmoqda.

Qaror bilan 2018-2019-yillarda hududlarda xususiy tibbiyot tashkilotlari tashkil etilib, faoliyatini kengaytiriladi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

— bir haftalik muddatda 2018-2019-yillarda xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish bo‘yicha loyihalarning manzilli ro‘yxati va uning «yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi;

— O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qo‘mitasi bilan birgalikda manzilli ro‘yxat loyihalari tashabbuskorlariga ular belgilangan tartibda zarur hujjatlarni taqdim etganda qurilishni amalga oshirish uchun yer maydonlarini ajratadi;

— O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda, istisno tariqasida, manzilli ro‘yxat loyihalari tashabbuskorlariga davlat mulkidagi foydalanilmasdan turgan ob’yektlarni «nol» xarid qiymatida sotadi.

Toshkent shahrida Koreya Respublikasi yetakchi oliy tibbiy ta’lim muassasalaridan birining faoliyatini tashkil etilib, Koreyaning tibbiyot markazlari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda «AKFA MEDLINE» MChJ xususiy klinikasi negizida xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish va mahalliy tibbiyot kadrlari malakasini oshirish Markazini tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 2018-yil 1-yanvardan boshlab, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlarida ishlovchi shifokor-pensionerlarga pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklariga yangi tashkil etilayotgan va faoliyatini kengaytirayotgan xususiy tibbiyot tashkilotlarini, shu jumladan, manzilli ro‘yxatda nazarda tutilgan xususiy tibbiyot tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini sotib olishi, shuningdek, mutaxassislarining malakasini oshirish va xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishni tashkil etishi uchun belgilangan tartibda imtiyozli kreditlar beriladi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Kasimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Q.Akmalov zimmasiga yuklandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring