Kolbasa yoki demokratiya: qay birini tanlaysiz?
Hali ittifoq tarqalmagan paytida bu davlatning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov poytaxt markazida odamlar bilan uchrashdi. O‘sha davrlarda e’lon qilingan «oshkoralik» shioridan ruhlangan odamlar unga dardlarini to‘kib solishdi, televideniye esa bu uchrashuvni «demokratiyaning yuksak namunasi» sifatida namoyish etdi.
Qizig‘i, prezident bilan uchrashgan odamlarning aksariyati maishiy masalalardan nariga o‘tmadi. Ulardan biri hatto «nega do‘konlarda kolbasa yo‘q, qachon bo‘ladi, bilmaysizmi?» degan mazmunda savol berdi. Gorbachyov ham mutlaqo jiddiy tarzda «hozir ko‘pchilik do‘konchilarni tekshiryapmiz, kolbasa topsak, sotuvga chiqaramiz» deya javob berdi. Xalqni qiynagan muammoni-yu, unga berilgan javobni qarang! Siyosiy ong mutlaq yo‘qolib ketib, faqat qorin g‘amiga o‘ralashib qolish shunchalik bo‘ladi-da.
Oradan yillar o‘tdi, mustaqillikni ham qo‘lga kiritdik, o‘z parlamentimizga, partiyalarimizga ega bo‘ldik. Peshtaxtalar turli-tuman mahsulotlarga to‘lib toshdi. Hozir prezident bilan uchrashish imkoniyati tug‘ilsa, bu darajada bema’ni savol berishni biror kishi o‘ziga ep ko‘rmaydi. Ammo o‘ylab ko‘raylik, fuqarolik pozitsiyamiz kutilganidek faolmi, umuman bormi o‘zi shunaqa pozitsiyamiz?
Nega ko‘pchiligimiz muammo deganda chiroqning o‘chishi, gazning bo‘lmasligi, go‘shtning qimmatligini, davlat deganda faqat bizning tushunchamizdagi, faqat biznigina qiynayotgan muammolarni albatta bizga yechib berishi kerak bo‘lgan tashkilotni tushunamiz. Albatta, muammolar mavjud, ularning yechimini izlash kerak. Ammo ular qaysi davlatda yo‘q? Oddiy haqiqat — dunyoda 200 dan ortiq davlat bo‘lsa, shundan nari borsa 30 tasida biz orzu qilgan hayot, to‘kinlik bor. Lekin shunda ham o‘sha davlatning talabi darajasida mehnat qilsangiz, kerakli mutaxassis bo‘lsangiz, raqobatga chiday olsangiz yaxshi yashaysiz. Bo‘lmasa kambag‘allik har joyda ta’qib qilaveradi.
Mavzuga qaytamiz — nega muammolarni faqat maishiy masalalarda ko‘rishga o‘rganib qolganmiz? Birortamiz bozorda kartoshka narxining oshib ketgani to‘g‘risidagi soatlab davom etgan bahslarda O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati oldidagi obro‘sini ko‘tarish bo‘yicha bir daqiqa ajratganmizmi? Yoki bizga mashinani arzon va navbatsiz olish muhimmi yoki Quddus shahrining kimga tegishliligimi?
Tushunmayapman deysizmi?
Savolni boshqacharoq qo‘yamiz: mana, 24 dekabr kuni poytaxtda xalq deputatlari saylanadi. Xuddi shunday jarayonlar viloyatlarda ham bo‘lgan albatta. Lekin biror marta biror deputatning (agar u yaqin tanishimiz bo‘lmasa) dasturini oilamiz yoki do‘stlarimiz davrasida muhokama qilganmizmi? Nomzodlar-ku uyg‘onib qolishdi, ozmi-ko‘pmi harakat qilishyapti, ularning vakillari yoki o‘zlari uyma-uy yurib targ‘ibot olib borishyapti. Lekin qachon ularga duch kelsak, ensamiz qotishini yashirmaymiz. Nega bunday yo‘l tutishimizni deputatlarning biror muammomizni hal qilib bera olmasliklari bilan izohlaymiz. Xo‘sh, bizning aniq qo‘llab-quvvatlashimizga suyanib haqqoniy saylanmagan, biz siyosiy jarayonlarda faol qatnashib tanlanmagan deputatdan yana nima kutamizu, nimani talab qilamiz? Bu o‘zimiz yasagan samolyot uchmasa, osmonda uchib yurgan burgutdan domangir bo‘lishga o‘xshamaydimi?!
Har bir inson uyg‘onishi, davlatdan nimadir kutib nolishdan tashqari, shu masalalarning yechimini tahlil qila bilishi, mamlakat kelajagida shunchaki millionlarning biri sifatida emas, o‘z mehnati va harakatlari bilan iz qoldiradigan bo‘lib kirishga intilishi zarur.
Iltimos, ensangiz qotmasin.
Abror Zohidov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter