Jozep Borrel Markaziy Osiyoning geosiyosatdagi o‘rniga baho berdi
Dunyoning turli mintaqalarida ixtiloflar kuchayib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyoning geosiyosatdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 29 yanvar kuni Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo transport aloqalari bo‘yicha investorlar forumidagi nutqida gapirgan.
«To‘rt yil avval Bryusselga kelganimda (YeI oliy vakili sifatida ish boshlagan vaqti nazarda tutilmoqda – tahr.) Markaziy Osiyo ancha olisda edi, endi esa sizlar barchaning diqqat markazidasizlar. Sizlar Yevropa va Osiyo o‘rtasida muhim ko‘priksizlar. Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi barcha muhim robitalar sizlar orqali o‘tadi. Shu bois ham biz uchun siz bilan hamkorlik katta ahamiyatga ega», – deydi YeI bosh diplomati.
J.Borrel ikki mintaqa hamkorligida iqtisodiyot va xavfsizlik chambarchas bog‘liq yo‘nalishlar ekanini urg‘ulagan.
«Xavfsizlik, robitalar, energetika va resurslarni diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan hamkorligimiz iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilmog‘i kerak. Iqtisodiyot va xavfsizlik – bu ikki istiloh naqadar bir-biriga yaqin», – deydi siyosatchi.
Iqtisodiy va siyosiy aloqalarni diversifikatsiya qilish haqida gapirgan diplomat, xususan, transport, energetika va mahsulotlar yetkazishda muqobil yo‘llar kerakligini ta’kidlagan.
2023 yil 23 oktyabr kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo 19-vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. E’tiborga molik jihati, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari hamda YeIning 27 davlati vakillari ilk bor bir davrada jam bo‘lishdi. Vazirlar mashvaratida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan yo‘l xaritasi ma’qullandi.
J.Borrel yo‘l xaritasidan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiluvchi chora-tadbirlar o‘rin olganini qayd etgan.
O‘tgan yili Qirg‘izistonda tashkil etilgan yetakchilar uchrashuvida prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi to‘liq formatli sammitini 2024 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan edi.
YeI bosh diplomati fikricha, mazkur sammit ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirishda muhim qadam bo‘ladi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqinini yodga olgan J.Borrel mustaqillik va suverenitet masalasiga ham to‘xtalgan.
«Har qanday mamlakatning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi rad etilmaydigan qadriyat bo‘lmog‘i lozim. Biz kuchlilarning aytgani aytgan bo‘ladigan, qudratli davlatlar o‘zbilarmonlik bilan chegaralarni o‘zgartiradigan dunyoga qaytmaslik uchun qo‘ldan kelgan barcha choralarni ko‘rishimiz shart», – deydi YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili.
Avval xabar berganimizdek, Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo transport aloqalari bo‘yicha investorlar forumi doirasida mintaqada barqaror transportni rivojlantirish uchun qariyb 1,5 milliard yevro miqdorida moliyaviy ko‘mak ajratish haqida hujjat imzolandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter