Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hurriyat olinur, berilmas». AQSh davlat kotibi jadid ma’rifatparvarlariga hamohang fikr bildirdi

«Hurriyat olinur, berilmas». AQSh davlat kotibi jadid ma’rifatparvarlariga hamohang fikr bildirdi

Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Foto:«Reuters»

Dunyo afkor ommasi hurriyat yo‘lidagi kurashda bir daqiqa ham hushyorlikni boy bermasligi lozim. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Berlin devori qulaganining 30 yilligi munosabati bilan Germaniyada o‘tgan mashvaratda so‘zladi. 

Davlat kotibiga ko‘ra, garchi mutaraqqiy dunyo bundan 30 yil muqaddam erkinlik borasida zafar kuchgan bo‘lsa-da, xotirjamlikka o‘rin yo‘q. Negaki, dunyoda yana mustabidlik harakati avj olayotir. U erkka tashna xalqlarni yana zulm va zulmat davriga qaytarish payida.

«Mustabidlik – bizdan ikki odim narida. U tobora kuchga to‘lmoqda. Ochig‘ini aytganda, uning ildizini butkul qirqa olmadik... Ozodligimiz va kelajagimizni ko‘z qorachig‘idek asramoq esa barchamizning burch-vazifamizdir», – dedi M.Pompeo.

Ikkinchi jahon urushidan keyin mag‘lub Germaniya ikkiga bo‘lib tashlangani ma’lum. G‘arb mamlakatlari qanotidagi GFR erkinlik, demokratiya g‘oyalari asosida nash’u namo topdi. SSSR qalamravidagi GDRda esa totalitar tuzum shakllandi. GDRda hukm surgan o‘sha mash’um davrni yodga olgan yuqori martabali diplomat davlatning tamali hurriyat ekani, o‘z fuqarolar erkiga daxl etgan boshqaruv uzoq yashamasligini ta’kidladi.

«Biz ich-ichimizdan o‘z fuqarolaridan qo‘rqadigan tuzum uzoq yashamasligini bilar edik. Men bugun ham bunga sidqidildan ishonaman... O‘ylaymanki, bu mustabidlik tartiboti abadiy deb hisoblaydiganlar uchun chinakam saboqdir», – dedi siyosatchi.

Darhaqiqat, XX asr so‘nggida dunyo xaritasida keskin o‘zgarishlar ro‘y berdi. Butun sayyoramiz bo‘ylab ozodlik harakatining yangi to‘lqini mavj urdi. Ammo dunyo bo‘ylab hali ham to‘liq erkinlikka erisha olmagan davlatlar talaygina.

«Biz (Berlin devori qulagach) yetti iqlimda erkin jamiyatlar rivoj topadi, deb o‘ylagan edik. Ayrim hududlarda ana shunday bo‘ldi ham... Afsuski, biz adashgan ekanmiz», – deya taassuf bildirdi M.Pompeo.

Vashington rasmiysi erkinlikka tahdidlar xususida so‘zlar ekan, Rossiyaning qo‘shni yurtlar, Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasidagi siyosatini tanqid qildi. Bu hol Sharqiy Germaniyada istifoda etilgan zulm usullarini yodga solishini ta’kidladi.  

Turkistondagi jadidchilik harakati peshvolaridan biri Munavvarqori (1878-1931) bundan bir asr muqaddam «Hurriyat olinur, berilmas» degan edi. AQSh Davlat kotibi ham ulug‘ ma’rifatparvar fikriga hamohang ravishda erkinlik shunchaki qo‘shqo‘llab tutqazilmasligi, unga erishish va uni saqlab qolish uchun jiddu jahd qilish kerakligiga urg‘u berdi.  Bu borada ilg‘or fikrli insoniyat bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilmog‘i lozimligini uqtirdi.

1989-yil 9-noyabr kuni istibdod istehkomi – Berlin devori qulagach, nafaqat Germaniyada, balki butun dunyoda erkinlik va ozodlik uchun kurash kuchaydi. Ushbu tarixiy hodisa zanjirining bir uchi O‘zbekistonga ham ulanadi. Zero, mash’um devorning yiqitilishi sobiq Ittifoq hududidagi istiqlol kurashchilariga ham ilhom, kuch va dalda berdi. «Sovuq urush» davri merosi bo‘lmish mash’um devorning qulashi SSSRning parchalanishini yanada tezlashtirdi.  

Sobir Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring