Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya O‘zbekiston bilan muhim masalada muzokara olib bormoqda

Germaniya O‘zbekiston bilan muhim masalada muzokara olib bormoqda

Foto: dpa

Germaniya hukumati O‘zbekiston mas’ullari bilan mamlakatdan majburan chiqarib yuboriladigan afg‘onlar masalasida muzokara olib bormoqda. Bu haqda olmon matbuoti xabar berdi.

“Der Spiegel” nashri xabariga ko‘ra, joriy yil may oyida Germaniya ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Toshkentga muzokara uchun kelgan. Rasmiy Berlin deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan afg‘onlarni avval Toshkentga yuborib, so‘ngra xususiy aviashirkat uchoqlarida Kobulga jo‘natish niyatida.

Afg‘on qochqinlarini majburan vataniga qaytarish amaliyotida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilinayotgani sababi Germaniya hukumatining Tolibon ma’muriyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotdan qochayotganidir. O‘zbekiston hukumati bilan bu boradagi muzokaralarga Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer boshchilik qilmoqda.

Olmon matbuotiga ko‘ra, rasmiy Toshkent Berlin tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Buning evaziga Germaniyadan O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat muhojirligini qulaylashtiruvchi bitim tuzish talab qilingan.

Germaniya delegatsiyasi Toshkentda may oyida o‘tkazilgan muzokaralarni konstruktiv deb baholagani aytilmoqda.

Olmon hukumati afg‘on qochqinlarini deportatsiya qilish maqsadida O‘zbekiston hukumati bilan muzokara olib borayotganini “The Bloomberg” agentligi ham tasdiqlagan.

Joriy yil may oyida Germaniyaning Manheym shahrida afg‘onistonlik shaxs mahalliy politsiyachini pichoqlab o‘ldirgan edi. Ushbu qotillik ortidan Germaniya jamoatchiligi mamlakat hududida jinoyat sodir etgan muhojirlarni o‘z vataniga majburan qaytarish masalasini muhokama qilmoqda. Kansler Olaf Shols Afg‘oniston va Suriyadan kelgan muhojirlar ham agar jinoyat sodir etgan bo‘lsa, deportatsiya qilinishi kerak degan fikrda.

Ushbu masala hal etilgudek bo‘lsa, Germaniyada yashab turgan minglab afg‘on fuqarolari deportatsiya qilinishi mumkin.

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring