Yevropalik diplomatga «Do‘stlik» ordeni topshirildi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropa tashqi harakatlar xizmatining Sharqiy hamkorlik, Rossiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Lyuk Devinga «Do‘stlik» ordenini topshirdi. Mukofotni topshirish marosimi 17 noyabr kuni Samarqandda tashkil qilingan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi vazirlar uchrashuvi doirasida o‘tkazildi.
«O‘zbekiston ham, YeI ham murakkab davrlarni boshdan kechirdi. Lekin biz bir yoqadan bosh chiqarib, o‘zaro tushunish ruhi, aloqalarni jonlantirish yo‘llarini topa oldik», – dedi V.Norov ordenni taqdim etar ekan.
O‘z navbatida, yevropalik yuqori martabali diplomat yuksak e’tirof uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, L.Devin O‘zbekiston prezidentining joriy yil 29 avgustdagi farmoniga ko‘ra bir guruh chet el fuqarolari qatorida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari uchun mazkur davlat mukofotiga loyiq deb topilgan.
Avval xabar berganimizdek, Yevropa tashqi harakatlar xizmati vakili Lyuk Devin Toshkent va Bryussel robitalarini mustahkamlashga doir mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter