Yevropa Rossiyaga qarshi: 100 dan ortiq rossiyalik diplomat uyiga qaytadi
Buyuk Britaniyaning Solsberi shahrida GRUning sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning zaharlanishi tufayli Buyuk Britaniyadan rossiyalik diplomatlar chiqarib yuborilishi haqida avval xabar bergan edik.
Uning ortidan Yevropa ittifoqida faoliyat yuritayotgan o‘ttizdan ortiq rossiyalik diplomat ittifoq hududidan chiqarib yuboriladi. Bu haqda «Yeuronews» xabar bermoqda. Tashqi ishlar vazirliklarining bayonotida keltirilishicha, gap razvedka bilan shug‘ullanishda gumonlanayotgan shaxslar haqida ketmoqda.
Ittifoq kengashi rahbari Donald Tusk ittifoqdagi 14 ta davlat allaqachon bu ishni boshlaganini va ularga boshqa davlatlar ham qo‘shilayotganini e’lon qildi. Rossiyalik diplomatlarni o‘z hududidan chiqarib yuborishni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan ittifoq davlatlari Germaniya, Fransiya, Polsha, Chexiya va Niderlandiya bo‘ldi. Ukraina 13 nafar rus diplomatini persona non grata deb topdi. O‘z navbatida AQSh 60 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishini ma’lum qilgan. Ushbu ro‘yxatga, shuningdek Kanada, Albaniya va Ispaniya ham qo‘shilgan.
Sergey Skripal va uning qizi Yuliya shu yilning 4-mart kuni Britaniyaning Solsberi shahrida zaharlangan edi. Britaniyalik ekspertlar ularning Rossiyada ishlab chiqarilgan «Novichok» gazidan zaharlanganini e’tirof etmoqdalar. Britaniya hukumati bu ishda Moskvani ayblamoqda. Buyuk Britaniyadan 23 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborilgan.
O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vazirligi bunday ayblovlarning asossiz ekanini iddao qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter