Yevroittifoq O‘zbekistonning GSP+ benefitsiari maqomini uzaytirishi kutilmoqda
Yevropa Ittifoqi 2024–2034 yillarga mo‘ljallangan yangi muddatda O‘zbekistonning GSP+ tizimining benefitsiari sifatidagi maqomini uzaytirishi kutilmoqda. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuvda ushbu masala muhokama etildi.
ISSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, YeI delegatsiyasi O‘zbekiston zarur konvensiyalarni ratifikatsiya qilgani va ushbu tizimning benefitsiari maqomini uzaytirish uchun barcha asoslarga ega ekanini ta’kidlagan.
Yaqinda YeIning yurtimizdagi elchisi Sharlotta Adrian O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashish maqsadida 5 mln yevrolik loyiha moliyalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligidagi muzokaralarda ham YeI rahbariyatining bu jarayonda yaqin hamkorlik qilish, konsalting va texnik yordam ko‘rsatishni davom ettirishga sodiqligi ta’kidlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston mamlakatlari bilan aloqalarga mas’ul a’zosi Fulvio Martushello boshchiligidagi delegatsiya 3-5 aprel kungi tashrif davomida Toshkentda Oliy Majlis va hukumat vakillari bilan uchrashdi. Yevropalik mehmonlar Qoraqalpog‘istonning Nukus va Mo‘ynoq shaharlarida ham bo‘ldi.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston 2021 yil aprel oyidan YeIning GSP+ tizimiga a’zo bo‘lgan.
Shu tariqa O‘zbekiston Yevropa bozoriga 6200 dan ortiq tovar pozitsiyalarini bojsiz eksport qilish imkoniga ega bo‘ldi. GSP+ benefitsiari maqomi tufayli Yevropaga O‘zbekistonning eksport ulushi sezilarli darajada oshmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil oktyabr oyida Ostonada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitidagi chiqishida mamlakatimiz GSP+ tizimiga qo‘shilganidan so‘ng yuqori qo‘shilgan qiymatli o‘zbek mahsulotlarining eksporti qariyb ikki barobar oshganini qayd etgani holda, umumiy raqamlar mavjud ulkan imkoniyatlarga mos emasligini ta’kidlagan va uni oshirish yo‘llarini taklif qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter